20:46 / 13.06.2021
2638

Surxondaryoda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda Labo’ga odamlarni mindirib ketayotgan o‘smirga chora ko‘rildi

Surxondaryo viloyati Angor tumanida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda, qoidalarga zid ravishda Labo kichik yuk mashinasiga tengdoshlarini mindirib ketayotgan o‘smirga chora ko‘rilgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 11 iyun kuni soat 21:30larda Surxondaryo viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan Angor tumani markazidagi ko‘chalardan birida yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda Labo kichik yuk mashinasi tepasiga bolalarni mindirib ketayotgan haydovchi to‘xtatilgan.

Surishtiruvda, haydovchining o‘zi ham 16 yoshda bo‘lib, hali haydovchilik guvohnomasini olmagan o‘smir ekani aniqlangan. Haydovchi o‘rtog‘inikida bo‘layotgan hasharga yordam berish maqsadida otasiga tegishli mashinani so‘roqsiz minib chiqqanini aytgan.

Ta'kidlanishicha, YHXB xodimlari tomonidan mazkur holat yuzasidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, mashina jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

Top