11:02 / 15.06.2021
7584

Hongkongda 5 gektar yer maydoni 7 milliard dollardan ko‘proqqa sotilishi mumkin

Hongkong hukumati shaharning ishbilarmonlik markazi Central’da joylashgan yer maydonini kimoshdi savdosiga qo‘ydi. Taxminlarga ko‘ra, 5 gektarga yaqin ushbu yer maydoni rekord narxga – 7 mlrd dollardan ko‘proqqa sotilishi mumkin. Bu haqda ko‘chmas mulk bozori tahlilchilariga tayanib South China Morning Post nashri ma'lum qildi.

Gap 48 ming kvadrat metr yer maydoni haqida bormoqda. U Viktoriya bandargohi sohilidagi sun'iy quruqlikda, Xalqaro moliya markazining 88 qavatli binosi yonida joylashgan.

Yer maydonini sotib olishda yetakchi developerlik konglomeratlari ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Mahalliy rieltorlik firmalaridan birining direktori Vinsent Chenning ta'kidlashicha, yer maydoni uchun taklif qilinadigan maksimal summa 55 mlrd Hongkong dollariga (7,1 mlrd dollarga) yetishi mumkin.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, dunyodagi eng qimmat hisoblanuvchi Hongkong ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat 2019 yilda hukumatga qarshi o‘tgan ommaviy namoyishlar va pandemiya keltirib chiqargan iqtisodiy inqirozdan keyin asta-sekin tiklanmoqda.

Hozirda shaharda sotilgan eng qimmat yer maydoni Koulun yarimorolining g‘arbida joylashgan bo‘lib, u 2019 yilda 5,4 mlrd dollarga xarid qilingan. 

Hongkong hukumat auksionlarida yer sotishdan oladigan daromad uning budjeti muhim manbalaridan biri hisoblanadi. Megapolisda kvartiralar, ofis, savdo maydonlari va avtoturargohlarning yuqori narxdaligi u yerda bo‘sh yer tanqisligi va uning qoyali hududda joylashgani bilan tushuntiriladi. Bunday sharoitlarda ko‘plab qurilish loyihalarini dengizda hosil qilingan sun'iy quruqlikda amalga oshirishga to‘g‘ri keladi, bu esa qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘ladi.

Top