14:50 / 16.06.2021
28344

«Hammasi o‘ylab qilingan, niyat xolis emasdi» - vazir oliy ta'limdagi katta xato haqida

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov MFaktor loyihasiga bergan intervyusida oliy ta'limda shu vaqtgacha yo‘l qo‘yilgan xato va uning oqibati xususida fikr bildirdi.

«Oliy ta'limdagi eng katta muvaffaqiyatsizlik sababi – magistratura bosqichidir.

Bu bosqich butun ta'lim tizimini shu ahvolga olib kelib qo‘ydi. O‘qituvchilar 5 yil o‘qitgan talabasining yurish-turishi, ilmga munosabati, notiqlik mahorati, liderlik qobiliyatiga qarab universitetda olib qolishga intilardi.

Oliy ta'lim tizimini 2 bosqich: bakalavrat va magistraturaga ajratdik. Bu to‘g‘ri bo‘ldi. Lekin biz nima qildik, magistraturaga qabul tizimini noto‘g‘ri qildik. Qabulni oliy ta'lim muassasalarining o‘ziga qo‘yib berdik. Bakalavr bosqichi qabulini test tizimida qilgan bo‘lsak, magistraturani rektorlar, OTM komissiyasi hal qiladi, dedik va 90 foiz holatlarda korrupsion mexanizm ishladi.

Universitetda o‘qituvchi bo‘lishi kerak bo‘lgan iqtidorli talaba qolib, tanish-bilishchilik bilan magistraturani shunchaki bakalavrdan keyingi bosqich deb biladigan yaramaydigan talabalar qabul qilindi.

Magistratura "stavka"lari ham ochiq-oydin edi, kamida 2-3 ming dollar. Shu jarayonda biz universitetga kerakli iqtidorli o‘qituvchilarni yo‘qotib qo‘ydik, ular davlat universitetlarida dars berishni istashmayapti, chunki oylik kam.

Magistraturaga qing‘ir yo‘l bilan kirganlar bitirgach boshqa sohaga bordi. Undan yaxshi tadbirkor chiqmadi. Soliq tashkiloti, hokimiyatga bordi. Uddalay olmadi. Oxiri ish topolmagach, magistr diplomini ko‘rsatib, universitetda o‘qituvchi bo‘laman, dedi. Bo‘sh ish o‘rni bor edi, qabul qilindi. Lekin talabalarning ota-onasi bunday o‘qituvchilarga ishonmadi.

Umumiy bakalavrlarning atigi 2 foiz talabasi magistr bo‘lish imkoniga ega edi. Juda kam ko‘rsatkich edi bu. Buning hammasi o‘ylab qilingan. Bu – niyatning to‘g‘ri emasligi. Buning oqibati o‘qituvchilar yetishmasligini keltirib chiqardi. O‘qituvchilar yetishmagandan keyin, haligi [magistraturaga pul bilan kirib,] tugatganlar ketmadi, yuraverdi.

Hozir vaziyat o‘zgardi. Oxirgi besh yilda magistrlar soni qariyb 7 baravarga ko‘paydi. 137 ta OTMda 31 ming nafar o‘qituvchi ishlayapti. 31 ming nafar magistr esa o‘qiyapti. Demak, har bir o‘qituvchi o‘rniga yangi kadr bor.

Qabul nisbatan yaxshilangan. Bu yil magistraturaga qabulda mutaxassislik fanlari ham, chet tili ham Davlat test markazi orqali bo‘ladi. Hozirgi sharoitda magistraturaga DTM orqali qabul – bu najot. Hech kim aralasholmaydi», – dedi Toshqulov.

Mavzuga oid
Top