18:21 / 19.06.2021
1877

Navoiyda o‘tkazilgan yoshlar festivalida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga kvartiralar topshirildi

Navoiy shahrida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostidagi yoshlar festivalida turli sohalarda yuqori natijalarga erishgan yoshlar qimmatbaho sovg‘alar bilan munosib taqdirlandi. 3 nafar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi, chin yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum yoshlarga esa kvartira berildi.

Uch kun davom etgan festival doirasida “Zamonamiz qahramonlari” bilan uchrashuvlar, “Biznes sayohat”, “Yoshlar teatr studiyalari” tomoshalari, she'riyat kechalari, “Yosh kitobxon oila ”, “Yosh oshpaz”, “Quvnoqlar va zukkolar” kabi ko‘ngilochar tadbirlar, stol tennisi, voleybol, gandbol, minifutbol va velosport bo‘yicha sport musobaqalari, robototexnika va innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmalari kabi 50dan ortiq turli loyihalar o‘tkazildi.

Festival yakunida tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan navoiylik yoshlar tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar, pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. 

Jumladan, “Tokio 2021” olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan gimnastikachilar Sevara Safoyeva va Nilufar Shomurodovaga 50 million so‘m, sportning og‘ir atletika turi bo‘yicha jahon chempioni Kumush Fayzullayevaga “Spark”, erkin kurash turi bo‘yicha qator yutuqlarni qo‘lga kiritib kelayotgan Bekzod Abdurahmonovga “Neksiya”, “Navoiylik yosh navoiyxonlar” ko‘rik tanlovi g‘olibasi Lobarxon Jalolovaga “Spark” avtomashinasi, 3 nafar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga esa ikki xonalik kvartira kalitlari topshirildi.

Top