11:35 / 19.06.2021
15484

Samarqandda taniqli aktrisa nomidan soxta sahifa ochib, odamlarning pullarini o‘zlashtirgan 10-sinf o‘quvchisi ushlandi

Samarqandda taniqli aktrisa nomidan soxta sahifa ochib, odamlarning bank kartalaridagi pullarini o‘zlashtirgan 10-sinf o‘quvchisi ushlangan. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 15 mart kuni Nukus shahrida yashovchi D.K. shahar IIBga murojaat qilgan. Murojaatda yozilishicha, 14 mart kuni qizi N.R.ning Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi profiliga «giveaway-asal» va «asalshodieva_dar1t» nomi bilan ochilgan noma'lum sahifalarning egasi tomonidan «Siz 200 ming so‘m pul mukofotini yutib oldingiz» degan mazmundagi xabar kelgan. Noma'lum shaxs bilan yozishma jarayonida N.R. uning aldovlariga ishonib, o‘ziga tegishli bank kartasining kodi va parolini unga yozib yuborgan. So‘ng shu kuni soat 21:00larda bank kartasida mavjud bo‘lgan jami 600 ming so‘m miqdordagi puli yo‘qolganini bilib qolgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Samarqand shahrida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan A.A. sodir etgani aniqlangan. Hozirda ushbu fuqaroning boshqa turdosh jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Mavzuga oid
Top