07:49 / 21.06.2021
19352

Toshkent metrosida yana bir nosozlik yuz berdi

Toshkent metrosida navbatdagi nosozlik yuz berdi, poyezd yo‘lovchilari “Olmazor” bekatida tushirildi.

Kecha, 20 iyun kuni soat 22:10da Chilonzor yo‘nalishining “Olmazor” bekatidan “Bekat 1” tomon harakatni boshlagan harakat tarkibi mashinisti tomonidan poyezdda nosozlik aniqlangan.

“Toshkent metropoliteni” UK xabariga ko‘ra, yo‘lovchilar hamda harakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida yo‘lovchilar “Olmazor” bekatida tushirilgan. Nosozlikni aniqlash maqsadida harakat tarkibidagi poyezd elektrodepoga jo‘natilgan.

“Keltirilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘raymiz”, deyiladi ma'lumotda.

Toshkent metrosida so‘nggi oylarda ko‘plab ko‘ngilsiz hodisalar kuzatildi.

18 mart kuni «Olmazor» (Chilonzor yo‘li) va «Bekat-1» (Sergeli yo‘li) orasidagi tunnelda ikki poyezd to‘qnashgandi.

7 aprel kuni Toshkent metrosida ikki poyezd to‘qnashgani haqida xabar tarqaldi. Rasmiy izohda texnik sabablarga ko‘ra «G‘ofur G‘ulom» bekatida yo‘lovchilar poyezddan tushirilib, zaxiraga kelgan navbatdagi poyezdga o‘tkazib yuborilgani, yo‘lovchilar tushirilgan poyezd boshqa poyezd yordamida shatakka olinib, «Beruniy» bekatiga olib kelingani ma'lum qilindi. 

8 aprel kuni Sergeli yerusti metrosida poyezd yarim yo‘lda to‘xtab qoldi. Yo‘lovchilar temir yo‘l bo‘ylab piyoda yurishga majbur bo‘ldi.

9 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poyezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi. 

28 aprel kuni tunnelda to‘xtab qolgan poyezd haqidagi video tarqaldi, unda yo‘lovchilar relslar orqali harakatlanib, bekatga yetib olgani tasvirlangan.

7 may kuni soat 21:10 dan 22:00 gacha Toshkent metropoliteni Halqa yo‘lining 7-bekatida elektr energiyasi o‘chib qolgandi. Metrodagi nosozlik tufayli shahar jamoat transportida yuqori darajadagi tirbandliklar yuzaga keldi. «Chilonzor» yo‘lida harakat to‘xtab qolgani tufayli bekatlarda to‘planib qolgan yo‘lovchilar tashqariga chiqishga majbur bo‘lishgan.

13 may kuni esa Toshkent metropoliteni «Amir Temur xiyoboni» bekatida barcha yo‘lovchilar tushirib yuborildi, ijtimoiy tarmoqlarda voqea aks etgan videolar tarqaldi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasining holat yuzasidan bergan izohida aytilishicha, shu kuni Chilonzor yo‘nalishida texnik-profilaktika ishlari olib borilishi munosabati bilan soat 10:30 dan 11:00 gacha poyezdlar aylanmasi «Amir Temur xiyoboni» bekatiga amalga oshirilgandi.

24 may kuni ertalab soat 08:52da 4-sonli yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgan poyezd texnik sabablarga ko‘ra «Hamid Olimjon» bekatida to‘xtab qolgan.

Top