09:14 / 23.06.2021
1311

Navoiyda MIB tomonidan 5 oyda 190 milliard so‘m undirilgan

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tashkil etilganidan buyon hozirgi kunga qadar Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan 2 trillion 514 milliard so‘mlik hujjatlarning ijrosi ta'minlangan. Bu haqda 21 iyun kuni tashkil etilgan brifingda boshqarmaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Shohrux Uzoqov ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, MIB Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida jami 328 milliard so‘mlik ijro hujjatlarining ijrosi tamomlanib, 20 731 ta ijro hujjati bo‘yicha 190 milliard so‘m undirilgan. Davlat foydasiga undiruv o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 milliard so‘mga ortgan.
 
Undirilgan pullarning 122 milliard so‘mi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va 14,8 milliard so‘mi fuqarolar foydasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, soliq qarzdorligi bo‘yicha 42,5 milliard so‘m undirilgan bo‘lsa, davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulklar ijrosi bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha 590 million so‘m pul kelib tushgan.

Ushbu davrda noqonuniy ishdan bo‘shatilgan va sud qarorlari asosida ishga tiklangan 100 nafardan ortiq shaxsning to‘lanmay qolgan 734 million so‘mlik ish haqlari undirib berilgan.  

Ma'lum qilinishicha, keyingi paytlarda alimentga oid ijro hujjatlari soni keskin ortmoqda. Ayni vaqtda davlat ijrochilarining ish yurituvida qoldiqda bo‘lgan 34 221 ta ijro hujjatining 11 137 tasi aynan aliment masalasiga oid.

Top