08:05 / 23.06.2021
6832

O‘zbekistonda 50 yoshdan oshganlar va OTM o‘qituvchilarini ham emlash boshlanadi

Respublika maxsus komissiyasining Qonunchilik palatasi deputatlari va ilmiy markazlar olimlari ishtirokida navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida mamlakatda koronavirus infeksiyasi bog‘liq epidemiologik vaziyat hamda ushbu infeksiya bilan kasallanish holatlarining oldini olishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda mas'ul rahbarlar hisobotlari eshitilib, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari oldini olishga qaratilgan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Birinchi navbatda, kasallik profilaktikasiga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, aholi tomonidan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash kabi sanitariya-epidemiologiya talablari nazoratini olib borish yuzasidan tegishli idoralarga topshiriqlar berildi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tadbirlarida aholi faolligini oshirish maqsadida, 50 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolarni hamda oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini xavf osti guruhiga mansub aholi qatlami qatorida bosqichma-bosqich davlat budjeti mablag‘lari hisobidan emlash tadbirlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, so‘nggi kunlarda infeksiya bilan kasallanish holatlari biroz ortganini inobatga olib, hududlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga yo‘naltirilgan tibbiyot muassasalarining tayyorgarlik holatini tahlil qilish va zarur dori vositalari zaxirasini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi kunlarda ayrim qo‘shni mamlakatlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortib borayotgani, shu jumladan mamlakatda ham ushbu infeksiya bilan kasallanish biroz ortganini inobatga olib xalqdan shaxsiy mas'uliyatni oshirgan holda jamoat joylarida niqobda bo‘lish va ijtimoiy masofani saqlash kabi talablarga rioya etishlarini so‘ragan.

Top