19:04 / 24.06.2021
53533

Andijon shahar hokimi ustidan shikoyat qilgan deputat jinoyat ishi doirasida qamoqqa olindi

Deputatlar tintuv qilib kiritilgan sessiyada deputatlik daxlsizligidan mahrum qilingan Shuhratbek Karimovga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Shuhratbek Karimov

Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputati Shuhratbek Karimov unga qarashli tadbirkorlik sub'yekti ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida qamoqqa olindi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudi shunday ajrim chiqargan. Deputat ayni paytda viloyat IIBning 3-hibsxonasida saqlanmoqda.

Bosh prokuraturadan ma'lum qilishlaricha, Karimov Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik), 192-11 (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilish) va 228-moddalari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish)  bilan gumonlanmoqda.

Shuhratbek Karimov ta'sischiligidagi “Alliance road construction” MChJ Andijon shahar Bo‘ston dahasida o‘zboshimchalik bilan 6 gektar yerni noqonuniy egallab olib, qurilish boshlaganlikda va bu orqali “Ibtido servis trans” hamda uch nafar fuqaroning yerdan foydalanish huquqlarini poymol qilishda gumon qilinyapti.

Karimov Andijon shahar kengashining 17 may kungi sessiyasida shahar prokurorining taqdimnomasiga asosan deputatlik daxlsizligidan mahrum qilingandi.

Bu sessiyada deputatlarga telefon hamda ovoz va video yozuvchi boshqa moslamalarni olib kirish taqiqlangan, shu bois milliy gvardiya xodimlari deputatlarni tintuv qilgan edi. Bu esa jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgandi.

O‘shanda Milliy gvardiya matbuot xizmati bergan izohda, tintuv qilish topshirig‘ini Andijon shahar hokimi bergani, prokuratura va IIB xodimlari tintuvga bosh-qosh bo‘lgani ma'lum qilingandi.

Deputat Shuhratbek Karimov Kun.uz'ga bergan intervyusida sessiya “to‘liq shahar hokimining ssenariysi ostida o‘tgani”ni aytgandi.

Bundan avvalroq, u kiritgan deputatlik so‘rovlaridan so‘ng shahar hokimining yer ajratishga oid bir nechta qarorlari bekor qilingan.

Mavzuga oid
Top