07:34 / 26.06.2021
2726

O‘zbekistonda markazlashgan issiqlik tarmoqlarining 2000 kilometr qismi yaroqsiz ahvolda 

O‘zbekistonda markazlashgan issiqlik tarmoqlarining 2 000 kilometr qismi yaroqsiz ahvolda bo‘lib, tarmoqdagi yo‘qotishlar o‘rtacha 40 foizni tashkil etmoqda. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sherxon Suyarov ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, respublikada jami 38 229ta ko‘p kvartirali uylarda 1 mln 228 mingta xonadonlar mavjud bo‘lib, shundan 833 ming 547ta xonadon markaziy va mahalliy qozonxonalar, individual isitish qozonlari, kontramarka va golland pechlari orqali issiqlik energiyasi bilan ta'minlangan. Qolgan 17 625ta ko‘p kvartirali uylar, ya'ni 395 204ta xonadon boshqa turdagi isitish uskunalari va qo‘lbola issiqlik moslamalaridan foydalanib kelmoqda.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha markazlashgan issiqlik tarmoqlarining 2 000 km bo‘lgan qismi yaroqsiz ahvolda bo‘lib, tarmoqdagi yo‘qotishlar o‘rtacha 40 foizni tashkil etmoqda. Bu kabi yo‘qotishlarning oldini olish va issiqlik ta'minoti sohasida 2021/2022 yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida, qozonxonalardagi yordamchi uskunalar hamda issiqlik tarmoqlarini mavsumga puxta tayyorlash ishlari amalga oshirish ishlari davom etmoqda.

Shu bilan birga, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida respublika va mahalliy budjetlar hisobidan 51ta qozonxona, 715ta qozon jihozlari, 200 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini mukammal ta'mirlash, 140ta nasos agregatlarida mukammal va joriy ta'mirlash, 100 km.dan ziyod issiqlik tarmoqlari hamda issiqlik qoplamalarini tiklash ishlari amalga oshiriladi. 

Mavzuga oid
Top