22:29 / 26.06.2021
2847

Surxondaryoda haydovchi odam urib yuborib qochib ketdi. Piyoda voqea joyida vafot etdi

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida haydovchi odam urib yuborib, qochib ketgan. Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 24 iyun kuni soat taxminan 17:00larda M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Termiz shahri hududidan o‘tgan 1456-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Noma'lum mashina odam urib yuborib qochib ketgan. Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan. Hodisa guvohi bo‘lgan odamlar u haqda YHXBga xabar berishgan.

Bu haqda viloyat IIB YHXBga xabar tushishi bilan viloyat hududida to‘sib ushlash tadbiri e'lon qilingan. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda jabrlanuvchining jasadi turgan joydan «Sobalt» rusumli avtomashinaga tegishli bo‘laklar topilgan.

Qayd etilishicha, olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida mazkur hodisa Termiz shahar Yulduz mahallasida yashovchi fuqaroga tegishli mashinada sodir etilgani aniqlangan. Surishtiruvlar davomida «Sobalt» egasi o‘sha kuni spirtli ichimlik iste'mol qilgan holda bo‘lgani uchun mashina boshqaruvini do‘stiga berganini bildirgan. Haydovchining do‘sti esa «Sobalt»ni boshqarib ketayotgan paytda uxlab qolganini va mashina nimagadir urilganda uyg‘onib ketganini, to‘xtashga qo‘rqib, voqea joyidan ketib qolganini aytgan.

Top