22:40 / 28.06.2021
4236

Navoiyda uxlab qolgan haydovchi sodir etgan YTHda uning o‘zi va otasi vafot etdi

Navoiy viloyatida «Cobalt» haydovchisi uxlab qolib, maxsus mashinaga borib urilgan. Oqibatda haydovchi va uning otasi vafot etgan. Xotini esa shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 27 iyun kuni soat 14:30larda A-379 Navoiy-Uchquduq-Zarafshon xalqaro avtomobil yo‘lining Konimex tumani hududidan o‘tgan 94-kilometrida 1966 yilda tug‘ilgan Zarafshon shahrida yashovchi fuqaro O‘.Q. o‘ziga tegishli bo‘lgan «Sobalt» mashinasi bilan yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

U mashinasini Toshkent-Zarafshon yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib borayotib, charchoq tufayli uxlab qolgan va rul boshqaruvini yo‘qotgan. Natijada, ro‘paradan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan Samarqand viloyatida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan A.K. boshqaruvida bo‘lgan, Navoiy shahrida joylashgan «Berejlivost» MChJga tegishli «HOWO SINOTROC» rusumli maxsus (chiqindi tashuvchi) mashina bilan to‘qnashgan.

Oqibatda, haydovchi O‘.Q. va «Sobalt» old o‘rindig‘ida yo‘lovchi sifatida ketayotgan uning otasi R.Q. og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. «Cobalt»ning orqa o‘rindig‘ida bo‘lgan, haydovchining turmush o‘rtog‘i Z.Sh. og‘ir tan jarohatlari olib, Konimex tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Konimex tuman IIB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top