14:50 / 29.06.2021
13294

5:3 - futbol foydasiga! Ispaniya va Xorvatiya ishtirokidagi supermatch

«Qizil furiya» va «Shashkachilar» Kopenhagenda spektakl namoyish etib, anchagina zerikarli kechayotgan Yevropa chempionati pley-offini bezab berishdi.

Yevro-2008. 1/8 final
Xorvatiya — Ispaniya — 3:5 q.v.
 (1:1, 2:2, 0:2)
Gollar: Pedri, 20 — avtogol (1:0). Sarabiya, 38 (1:1). Aspilikueta, 57 (1:2). Torres, 77 (1:3). Orshich, 85 (2:3). Pashalich, 90+2 (3:3). Morata, 100 (3:4). Oyyarsabal, 103 (3:5).
Xorvatiya: Livakovich, Yuranovich (Brekalo, 74), Chaleta-Tsar, Vida, Gvardiol, Vlashich (Pashalich, 79), Brozovich, Kovachich (Budimir, 79), Modrich (Ivanushets, 114), Rebich (Orshich, 67), Petkovich (Kramarich, 46).
Ispaniya: Simon, Aspilikueta, Lyaport, Garsiya (Pau Torres, 71), Xose Gayya (Jordi Alba, 77), Pedri, Buskets (Ernandes, 101), Koke (Ruis, 77), Morata, Sarabiya (Olmo, 71), Torres (Oyyarsabal, 88).
Ogohlantirishlar: Brozovich, 73. Chaleta-Tsar, 84.
Hakamlar: Juneyt Chaqir. Bahattin Duran, Tariq O‘ngun (barchasi — Turkiya).
VAR: Dankert. Gittelmann, Dingert (barchasi — Germaniya), Gil (Polsha).
28 iyun. Kopenhagen. «Parken» stadioni. 22771 tomoshabin.

Yakshanba kuni Yevropa chempionati doirasidagi o‘yinlarda Portugaliya va Niderlandiya turnirni tark etgach, navbat ispanlarga kelgandek edi. Joriy turnirda romantiklar  pragmatiklar qarshisida ojiz qolishmoqda, hozirgi «Qizil furiya» esa tarkibi hali yoshligi tufayli ham, izchil o‘yin uslubini shakllantirgan jamoalardan farq qilmoqda. Slovakaiyaga qarshi 5:0, albatta, katta yutuq edi, ammo baribir kamchiliklar borligi ma'lum edi. Dastlabki turlardagi mazmunsiz o‘yin, Morataning gol ura olmayotgani va asosiy forvardning ijtimoiy tarmoqlarda tahdidga uchrayotgani tajribali raqibga qarshi pley-off o‘yini arafasida jamoaga u qadar ishonch bildirilmasligiga sabab edi.

Hatto Luis Enrike politsiyani vaziyatga aralashib, o‘z shogirdiga bo‘layotgan tahdidlarni jiddiy qabul qilishga chaqirdi. Ispaniyalik mutaxassis Moratani faqat so‘zlar bilan emas, amalda ham qo‘llab-quvvatladi va uni boshlang‘ich tarkibda tushirdi, tarkibda yana ikki yangi ijrochi paydo bo‘ldi — Gayya va Ferran Torres. Bundan ko‘rinib turardiki, ispanlar qanotlarda tezroq harakat qilib, xorvatlar himoyasini yorib o‘tishni niyat qilishgandi.

O‘z navbatida, «shashkachilar»ning ham o‘z muammolari bor edi. Birinchidan, Lovren diskvalifikatsiyaga uchragani tufayli himoya markazida dastlabki turdan keyin o‘ynamagan Chaleta-Tsar tushirildi. Ikkinchidan, yana bir muhim futbolchi Perishichning koronavirusga topshirgan testi natijasi musbat chiqdi, u Rebichdan farqli ravishda nafaqat hujumda faol, balki himoyalanishda ham yaxshi harakat qilardi. Xorvatiya o‘yin boshidan ko‘p vaqtini himoyada o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Avvaliga bolqonlar maydonning ikkinchi qismiga faqat qisqa va aniq uzatmalar orqali o‘tishdi, to‘p yo‘qotilishi bilan darhol to‘p harakati bo‘yicha ortga qaytib, 4-2-3-1 sxemasi bo‘yicha joylashishdi.

Agar kimdir o‘yinning dastlabki yarim soatini o‘tkazib, translatsiyaga hisob 1:0 holatida qo‘shilgan bo‘lsa, unda Xorvatiyaning ideal rejasi to‘g‘risida yolg‘on tasavvur uyg‘ongan bo‘lishi mumkin. Ammo amalda ideallik haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi. Himoyachilar Koke markazdan yorib kirib Livakovich bilan birga-bir vaziyatga chiqishiga va qanotdan uzatma bo‘lganda Morata yolg‘iz qolishiga yo‘l qo‘yishdi.

Ispanlar imkoniyatlardan foydalana olishmadi — nominal mezbonlarga omad kulib boqdi. Oldinda joriy turnirdagi to‘qqizinchi avtogol kutib turardi — «Shashkachilar» o‘zi bundan boshqa hech qanday vaziyatga ega bo‘la olishmadi.

Avtogol esa haqiqiy sovg‘a bo‘ldi. Bunday yuqori darajadagi turnirlarda bunday qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yish kerak emas. Odatda avtogollar raqib bosimi yoki to‘p uchun kurash vaqtida ro‘y beradi, ammo Pedri qilganidek emas. 18 yoshu 215 kunligida Yevropa chempionati pley-offida o‘ynab, Ueyn Runining rekordini yangilagan futbolchi bolalar futbolida o‘rgatiladigan ilk qoidalarga zid tarzda o‘z darvozasi tomon pas uzatdi. Unai Simon ham uzoq masofadan u qadar katta kuch bilan kelmagan to‘pni o‘ziga bo‘ysundira olmadi.

Luis Enrike ishonch bildirgan «Atletik» darvozaboni to‘pga tegindi va unga avtogol yozildi - bu murabbiyning tomorqasiga yana toshlar otilishiga sababdir. Ushbu bask yakunlangan mavsumda olti marta golga olib kelgan xatoga yo‘l qo‘ygandi - «Kuchli beshlik»dagi biror darvozabon bu qadar ko‘p qo‘pol xato qilmagan. Terma jamoada ham Simon birinchi marta «o‘zini ko‘rsatishi» emas, aprel oyida JCh-2022 saralashida Kosovoga qarshi o‘yinda u so‘nggi himoyachi vazifasida harakat qilishga urinib, to‘pni raqibga topshirib qo‘ygan va deyarli maydon markazidan yo‘llangan zarbani o‘tkazib yuborgandi.

Ispaniya o‘ziga kelib olgunicha xorvatlar yana gol urish imkoniyatiga ega bo‘lishdi, ammo Vlashichning o‘ng qanotdan yorib kirishi darvoza to‘riga tashqi tomondan zarba berilishi bilan yakunlandi. Ko‘p o‘tmay «Qizil furiya» baribir o‘zini qo‘lga oldi va raqibga bosim o‘tkazib, tanaffus arafasida javob qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. «Shashkachilar» esa shunchaki tez fikrlash va to‘pni tez harakatlantirishda ispanlar bilan tenglasha olishmadi. Gayyaning zarbasi faqat Livakovichning qahramonligi tufayli gol bo‘lmay qolganida, Sarabiyaning javob goli urilganda va qanot himoyachisi Aspilikueta markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lganida shu narsa ko‘rindi.

Ispanliklarning daraja jihatdan ustunligiga bir misol sifatida, Aspilikuetaga assistentlik qilgan Torres bu vaziyatda to‘rtinchi bor golli vaziyat yaratganini keltirish mumkin. «Manchester Siti» yarimhimoyachisi beshinchi vaziyatni o‘zi uchun yaratdi va o‘zi gol urdi - bu goldan keyin masala hal bo‘lgandek edi.

Qolaversa, bu vaqtga kelib Simon o‘zini qo‘lga olgan va hisob 1:2 holatida bir necha ajoyi seyvlar ijro etgandi. Ammo o‘yinning oxirgi qismida Orshich va Pashalich o‘yinni qutqaruvchi vazifasini bajarishdi.

Xorvatiya taslim bo‘lishni istamadi va jarima maydonidagi talato‘pda bir amallab to‘pni chiziqdan o‘tkazishdi.

Raqib bo‘shashganidan foydalanib bosimni kuchaytirishdi va uchinchi gol ham urilib, o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga olib o‘tildi.

Turnirda bungacha hali bu qadar hayajonli uchrashuv bo‘lmagandi. Overtaymlarda ham jamoalar ehtiyotkorlikni bir chetga surib navbatma-navbat oldinga yugurishdi va jang qilishdi. Qolgan yarim soat Ispaniyani ayovsiz tanqid qilganlarni uyaltirib qo‘ygan daqiqalar bo‘ldi. Hisob 3:3 holatida Simon Kramarichning yaqin masofadan yo‘llangan kuchli zarbasini qaytardi.

Morata esa chiroyli tarzda g‘alaba golini urdi, o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshlagan Olmo o‘zi hisobiga ikki golli uzatmani yozib qo‘ydi. Hozirda «Leypsig»da to‘p surayotgan ispaniyalik Zagrebning «Dinamo»siga borib katta futboldagi qadamlarini boshlagandi.

Xorvatlarga achinish mumkin, ammo pley-offda faqat bir jamoa qoladi. Ispaniya esa 2012 yilgi Yevrodan keyin yana uyg‘onmoqda. 2014 yilgi jahon chempionatida amaldagi chempionlar bo‘lgan ispanlar guruhdan chiqa olishmagandi. Keyin Yevro-2016 va JCh-2018da 1/8 finaldayoq ishtirokini to‘xtatdi. Endi «Qizil furiya» yana katta o‘yinda, ehtimol shu oqshom ispanlarda yangi buyuk jamoa tug‘ilgandir.

Mavzu
Yevro-2020
Pandemiya tufayli kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Turnir ilk marta butun Yevropa bo‘ylab 11 shahardagi stadionlarda o‘tkaziladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top