15:51 / 29.06.2021
7402

«Qaror chiqqaniga uch yil bo‘lgan» - Ekoqo‘mita mas'uli Toshkentda urnalar muammosi haqida

Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov nima sababdan hamon chiqindi qutilari muammosi hal etilmaganiga izoh berdi. U 2018 yilgi qarorda nazarda tutilgan chiqindi qutilarini qo‘yish mexanizmi 3 yildan beri amalga oshirilmayotganini ta'kidladi.

Ko‘chalarda hamon chiqindi qutilari bilan bog‘liq muammolar mavjud: ayrim joylarda ular yetarli masofada joylashtirilgan bo‘lsa, ayrim hududlarda chiqindi qutilaridan asar ham yo‘q. Bu borada muammolar hamon mavjudligi ko‘zga tashlanmoqda.

28 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov chiqindi qutilarini joylashtirish parametrlariga oid savolga javob berdi.

«Vazirlar Mahkamasining 787-sonli qarorida urna (chiqindi qutisi) qo‘yish parametrlari ko‘rsatilgan: har 5-10 metrga, kim qo‘yishi kerakligi, qanday qo‘yish kerakligi belgilangan.

Bu qaror 2018 yil chiqqan, lekin bugungacha urna qo‘yish mexanizmi yechilgani yo‘q. Uchta qaror, ikkita prezident protokoliga tushgan bandlar masalasi hamon yechilmadi. Nega? Qisman yechilyapti, lekin hammasi budjetga, summaga taqalyapti.

Misol uchun, maktabgacha ta'lim muassasalari, maktablar, budjet tashkilotlari – shularning o‘zini tahlil qilib ko‘rdik, hammasiga 13 mingdan ziyodroq konteyner qo‘yishimiz kerak. Bu budjet parametrlariga qo‘yilgan holda, mablag‘ budjetdan olinishi kerak.

Undan tashqari, piyodalar yo‘lagiga uning egasi urna qo‘yadi, qaysidir do‘kon bo‘lsa ham do‘konning egasi qo‘yishi kerak. Bu majburiyat bor va uning bajarilishini bizning inspeksiya nazorat qiladi.

Ushbu majburiyatlarni bajarmaganlik uchun ma'muriy javobgarlik bor. O‘tgan oyning o‘zida 40dan ziyod mansabdor shaxsga nisbatan choralar ko‘rilgan. Tadbirkorlarga ham urna qo‘yish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top