08:03 / 29.06.2021
4722

«Turbay» konlari bo‘yicha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “Turbay” konlarini o‘zlashtirish uchun qazib olish va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish" investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Umumiy qiymati 132 425,4 ming AQSh dollariga teng investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilib, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgan.

Investitsiya loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining ekspertizadan o‘tkazilishi natijasida mablag‘larga bo‘lgan ehtiyoj aniqlangan, u quyidagilar hisobidan qoplanadi:

  • Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 14 671 ming AQSh dollariga teng miqdordagi o‘z mablag‘lari;
  • xorijiy banklarning 117 754,4 ming AQSh dollari miqdoridagi kreditlari.

Obektlarni 2023 yilda foydalanishga topshirish orqali 2024 yildan boshlab "Turbay" va "Oltin ma'danli 2-zona" konlaridan yiliga tarkibida oltin bo‘lgan 2 mln tonna hajmdagi ma'danlarni qazib olish yo‘lga qo‘yiladi va loyiha quvvatiga yetkaziladi.

Zarqatlam, Barxanli va Sardor konlarini o‘zlashtirish ishlari 2030 yildan boshlab, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati - qarz oluvchi va investitsiya loyihasining amalga oshirilishi, xorijiy banklarning kreditlaridan maqsadli hamda samarali foydalanish uchun mas'ul ijro etuvchi organ. NKMK kreditlarni qoplash va unga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni ham amalga oshiradi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • "Turbay" konlarini o‘zlashtirish uchun qazib olish va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish" investitsiya loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari;
  • "Turbay" konlarini o‘zlashtirish uchun qazib olish va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish" investitsiya loyihasi doirasida xorijiy banklar kreditlarini qaytarish reja-jadvali.
Mavzuga oid
Top