17:26 / 30.06.2021
118912

O‘zbekistonda 150 yillik maksimum harorat kuzatildi. Bu ogohlik signali bo‘lishi kerak

Bir vaqtlar iqlim o‘zgarishlari oqibatida dunyoning turli mintaqalarida kuzatilgan tabiat hodisalari bizni hayron qoldirgan bo‘lsa, bugun bu hodisalar o‘zimizning yon-atrofimizda ro‘y beryapti. Anomal issiq kunlar, qorsiz qish, yomg‘irsiz bahor, chang bo‘ronlari va hokazo.

Gidrometeorolog Erkin Abdulahatov Kun.uz bilan suhbatda keskin iqlim o‘zgarishlari, uning sabablari va yangidan yangi oqibatlari, bundan zarar ko‘rayotgan o‘simlik va hayvonot olami, shuningdek, yaqin o‘n yilliklarda yana nimalar kutayotgani haqida so‘zlab berdi.

Oxirgi uch yil – O‘zbekistonda 150 yil ichida eng issiq davr

— Iqlim o‘zgarmoqda. Isish shu qadar tezki, go‘yoki muqaddam kichik davr oralig‘ida bu kabi keskin “sakrash” kuzatilmagandek. Haroratning ko‘tarilish infografikalarida egri chiziqlar yuqoriga va tobora yuqoriga tomon intilmoqda. Buni O‘zbekiston sharoitida barcha kuzatuv ma'lumotlari tahlilida ham ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda oxirgi 5 yilning 3 yilida so‘nggi 150 yildagi eng issiq ob-havo kuzatildi.

O‘tgan asrdagi bahs-munozaralarda iqlimshunoslar iqlimga oid har xil xavotirli kutilmalarini aytishgan. Afsuski, ularning barchasi siz va biz yashab turgan ayni hozirgi makonda bo‘y cho‘zmoqda.

Yer evolyutsiyasi turli iqlim epoxalarini boshdan kechirgan. Isishlar va sovishlar ma'lum davrlarda galma-galiga tez-tez o‘rin almashib turgan. O‘tmishda iqlim o‘zgarishiga Yerning o‘zi va astronomik omillar sabab bo‘lgan. Hozir esa unday emas. Inson o‘z qo‘llari bilan iqlim o‘zgarishini, o‘zgarish fonida esa isish jarayonini tezlashtirib yubordi.

Gidrometeorolog Erkin Abdulahatov

“Parnik effekti”

— Isish havo tarkibidagi o‘sha mashhur is gazi konsentratsiyasi ortib borayotganida namoyon bo‘ldi. Havo tarkibida bu miqdor sanoat davrigacha 280 ppm (havo tarkibidagi milliondan bir ulush)dan hozirda 420 ppm'ga juda tez va qisqa vaqt oralig‘ida chiqib oldi. Inson ta'siri va katta maydondagi hududlarni “yeb borayotgan” qurg‘oqchilik omili uglerod gazini yutuvchi o‘rmon maydonlari keskin qisqarishiga olib kelib, havodagi milliardlab tonna uglerod gazlari yutilmay qolishiga sabab bo‘ldi.

Tabiatga ayovsizlarcha ko‘rsatilayotgan antropogen ta'sir shu holatga olib keldiki, endi uning salbiy oqibatlaridan biz va keyingi avlod aziyat chekadi.

Tasavvur qiling, siz issiqxona (parnik) ichidasiz: dim, yoqimsiz, issiqxonaning deyarli har burchida bir xil harorat, kechasi va kunduzi ham shunday mikroiqlim. Issiqxona tashqarisida esa boshqa manzara, kechasi haroratning birmuncha pasayishi, odatiy, biz o‘rgangan holat...

Is gazi va boshqa iflos gazlarning atmosfera tarkibida ko‘payishi – Yer atmosferasini bora-bora yuqoridagi kabi parnik ichidagi holatga tushirib qo‘yadi. Bu “parnik effekti” degan hodisa bilan tushuntirilib, tungi va kunduzgi haroratlar o‘rtasidagi farqning kamayishiga olib keladi.

Kechalari haroratning ko‘tarilishi yaqqol isish jarayonini oshiradi. Bu kabi o‘zgarishlar yer sferalari o‘rtasidagi uzoq tarixiy muvozanatni buzadi. Tabiiyki, tabiat bunga shunchaki tez “rozi” bo‘lmaydi. Eng katta sezgirlik, dunyo okeani va atmosfera havo oqimlari o‘rtasidagi balansning o‘zgarishida yaqqol namoyon bo‘ladi. Natijada, sovuq va issiq havo oqimlari shakllanishi, rivojlanishi va ular harakatidagi beqarorlik oshadi. Bu beqarorlik yil fasllari ketma-ketligi qonuniyatining buzilishida gavdalanadi. Biz shu o‘zgarishlar kuzatilayotgan iqlimiy davr ichida yashayapmiz.

Kelgusida zich shaharlar aholisi boshqa areallar, masalan, aholi tarqoqroq joylashgan hududlarga nisbatan issiqdan ko‘proq aziyat chekadi.

Isish havoga is gazi va boshqa zararli gaz konsentratsiyalarini cheklanmagan miqdorda chiqarish bilan bir qatorda, boshqa omillar natijasida ham o‘z ta'sirini kuchliroq ko‘rsatishi mumkin. O‘rmonlarning yo‘q qilinishi, yerlarni haydash, katta hududlarda qurilish ishlarini amalga oshirish haroratni biroz ko‘taradi. Afsuski, Toshkent shahrida oxirgi yillarda bu ishlarning deyarli barchasi kelgusida keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan aks ta'sir inobatga olinmay amalga oshirilmoqda.

“Shaytonni xumchadan chiqarib yubordik” — anomal hodisalar ko‘payishi sabablari haqida

— Sanoatlashgan davr gurkiragan paytga qadar iqlim ma'lum bir muvozanatda edi. Hozir esa “shaytonni xumchadan chiqarib yubordik”.

Ko‘z oldingizga keltiring, qir-adirlikda atrofdagi qirlarga nisbatan yaqqol ko‘tarilib turuvchi bir do‘nglik bor. U yerga yog‘gan kuchli jala sel suvlari oqib ketadigan yo‘lakcha hosil bo‘lgan. Ming, balki, million yillar davomida sel suvlari shu yo‘lakchadan oqib o‘tadi. Nimadir bo‘ldi-da, kimdir, shu do‘nglikni buldozer yordamida tekislab qo‘ydi. Bir kuni kuchli jala yomg‘ir, shu yerda to‘plangan suv oqimini, boshqa bir joydan vayronkor tusda oqib ketishiga olib keldi. Keyingi jalada ham suv chiqib ketadigan yo‘lakcha manzili o‘zgardi. Keyingi, keyingi va keyingilarida ham shu jarayon takrorlandi. Qachondir bir nechta jala yog‘in yog‘ib o‘tgach, bu tekislikda aniq bir sel irmog‘i hosil bo‘ladi va suvlar shu yo‘lakchadan oqib ketadi. Ammo uning uchun bir nechta jala yog‘inlar yog‘ib o‘tishi kerak.

Nima uchun bu voqeani keltirdim. Dunyo osmonida xam iqlim o‘zgarishi tufayli, atmosferada shakllanadigan sovuq va iliq oqimlar harakatidagi muvozanatlar buzilmoqda. Buning oqibatida, turli mintaqalar uchun noodatiy, boshqacha qilib aytganda, anomal tabiat hodisalari ortib ketdi. Bu oqimlarning yana qayta muvozanatga kelishiga ko‘p yillar sarflanadi va afsuski, iqlim isishining bu kabi shaddatli tarzda o‘zgarishi yaqin 100 yillikda yil mavsumlari bekami-ko‘st bir-birini takrorlaydigan barqarorlik balansi kuzatilmasa kerak.

Mavsumga xos bo‘lmagan sovish va isish anamoliyalari davriyligi ortib, u keltirib chiqaradigan xavf-xatarlar soni ko‘payishda davom etmoqda. Isish 2000 yildan so‘ng O‘zbekistonda yilning 22 foiz davrida kirib keladigan sovuq oqimlar hissasini 10 foizga tushirib qo‘ydi. Xavotirli prognozlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich kelgusida kamayib boraveradi.

Sovuq oqimlar salmog‘ining kamayishi, respublikada mahalliy xususiyatga ega havo oqimlarini ko‘paytirib, ular ortidan, janub subtropik davlatlardan issiqroq oqimlarning faolligi va davriyligini oshirdi. Bu noodatiy o‘zgarishlar, oqimlar chegarasida kuchli shamollar shiddatini oshirib yubordi.

Iqlim isishi, havo tarkibida is gazining ortayotgani o‘z navbatida havo namligi birmuncha oshishiga olib keldi. Ammo mintaqada bu notekis taqsimlangan. Aydarko‘l ko‘llar tizimining paydo bo‘lishi ko‘l atrofidagi Jizzax, Navoiy, Samarqand viloyatlarida namlikning biroz ortayotgani, bu bahor-yoz, hatto iliq qish oylarida ham oldingiga qaraganda jadal yog‘inlar ko‘payayotganida aks etdi.

O‘rmonzor, ihota vazifasini bajarib kelgan daraxtzor va yaylovlarning kamayishi, qurilish obektlarining ortishi chang bo‘ronlarining xavflilik darajasini oshirib yubordi. Hattoki, tog‘li regionlar uchun xos bo‘lmagan mahalliy chang bo‘ronlar kuzatila boshlandi. Masalan, turizmni rivojlantirishga kuch berilayotgan Chorvoq suv ombori atrofida chang-bo‘ron hodisalari qayd etildi. Bu – iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarning dastlabki ogohlantirish “signal”laridan biri.

Iqlim o‘zgarishlarining inson sog‘lig‘iga ta'siri

— Meditsina – iqlim o‘zgarish keltirib chiqarayotgan salbiy hodisalarga moyil va o‘ta sezgir soha. Jazirama issiqlar yurak-qon tomir kasalliklari, nafas olish a'zolari, asab tizimiga salbiy ta'sir etadi. Chang bo‘ronlar davomiyligining ortishi allergik kasalliklarni qo‘zg‘aydi.

Davomli jazirama va boshqa iqlim o‘zgarishlari juda uzoq o‘tmishdagi xuddi hozirgi iqlim epoxalariga o‘xshash davrda gurkiragan o‘tmish viruslarini faollashtirib, “uyg‘otib” yuborishi mumkin.

Iqlim isishi odamlar sog‘lig‘iga, ayniqsa, tropik va subtropik mamlakatlardagi past daromadli aholi guruhlariga salbiy ta'sir etadi. Ular tabiatdagi keskinlik, turli xil tabiiy ofatlarda avj oluvchi yuqumli kasalliklarning tez tarqatuvchi asosiy omiliga aylanib qolishadi. Xuddi shu yuqoridagi iqlim mintaqalarida istiqomad qiladigan daromadi past Braziliya va Hindiston kabi davlatlarda birgina “COVID-19” virusi keltirib chiqarayotgan oqibatlarni eslatib o‘tishning o‘zi kifoya.

Iqlimning isib borishi, aholining demografik statistikalarida o‘limning qo‘shimcha ko‘payib ketishida ham aks etmoqda. Yuqori haroratli davrning uzoqroq davom etishi kanalarning faollashuviga hamda ular keltirib chiqaradigan yuqumli kasalliklar ortishiga olib keladi. Haroratning ko‘tarilishi yuqumli oshqozon-ichak kasalliklari ortishini ham kuchaytiradi. Bu, asosan, shahar aholisi orasida ko‘p kuzatilib, kanalizatsiya va muhandislik inshootlari ishlash tizimining o‘zgarish fonida qayd etiladi.

Havoga is gazi bilan birga chiqarilayotgan boshqa iflos moddalar miqdorining ko‘payishi kishilarda teri va onkologik kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. “Parnik effekti”ni hosil qiluvchi gazlar konsentratsiyasining ortishi, ozon tuynugi 1 foizgacha yemirilishiga, yemirilgan tuynukdan ultrabinafsha nurlari jadal kirishiga olib keladi. Bu nurlar bevosita tik tushadigan hududlarda teri kasalliklarini 2-3 foizga, katarakta 0,6-0,8 foizga ko‘payishi mumkin.

Darvoqe, iqlim isishining ijobiy tomonlari ham bor, havoda is gazining ortib borishi astma, gipertoniya, ich qotishi, osteoxondroz kabi kasalliklar kamayishiga olib kelishi mumkin.

Oziq-ovqat ta'minoti, flora va faunaga xavflar

— Iqlim o‘zgarishi faqat insoniyatning o‘zigagina salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi. O‘simlik va hayvonot dunyosi, ma'lum bir bioturlarning yer xaritasidan yo‘q bo‘lib ketish xavfini oshiradi. Jamiyatda biror bir tarmoq yo‘qki, uning barqarorligi iqlim bilan bog‘liq bo‘lmasa.

Birinchi galda, iqlim o‘zgarishining salbiy ta'siri qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining beqarorligida, oziq-ovqat zanjirining nomutanosibligida yaqqol ko‘rinadi.

Isish va sovish kabi anomal hodisalar mavsumlar uchun xos bo‘lmagan noodatiy iqtisodiy tebranishlarni yuzaga keltiradi. Meva-sabzavotlar o‘z vaqtidan erta yoki kech yetiladi. Bu esa dunyo bozorida narxlar muvozanati, eksport salohiyatidagi aktivlikning susayib borayotganida ham ko‘rinadi. Ushbu yil gilos va piyoz narxlarining arzonlashgani iqlimning o‘zgarish sabablari fonida yuz berdi. Ammo iqlimning isishi bora-bora oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashiga olib kelaveradi.

Prognozlarga ko‘ra, havo haroratining 2-3 darajaga ko‘tarilishi, dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni qiyinlashtiradi. Karbonat angidrid konsentratsiyasining ortishi o‘simliklarning birlamchi mahsuloti ko‘payishiga ta'sir etadi, ammo iqlim o‘zgarishi ekosistemalar mahsuldorligini kamaytiradi ham. Ayrim o‘simlik turlarining yo‘qolib borish xavfi mavjud.

2030 yilga borib, isish natijasida mintaqada iqlim mintaqalari shimolga tomon 150-200 km suriladi. Balandlik iqlim mintaqalarida bu ko‘rsatkich 150-200 metr yuqoriga siljiydi. Sovuq qish davri 15-20 kunga kamayib, o‘z o‘rnini iliq qishga bo‘shatadi. Bu cho‘l va tog‘ yaylov maydonlari keskin kamayishiga olib keladi. Sovuq havolarning kam kirib kelishi qurg‘oqchilik, cho‘llanishni kuchaytirib yuboradi.

O‘zbekiston janubida barqaror issiq va qurg‘oqchil havoning davomiy kuzatilishi, don mahsuldorligini 33 foizgacha kamaytiradi. Shundoq ham suv muammosi mavjud mintaqada paxta hosilida qurg‘ochil kunlarning ortishi, 10-25 foizgacha hosilni kamaytiradi. Iqlim isishi ma'lum bioturlarning yo‘q bo‘lishi va ma'lum birlarining paydo bo‘lishiga olib keladi.

Mintaqaning barcha tekislik areallari va yirik shaharlarida ignabargli (archa) daraxtlarni ko‘paytirish samara bermaydi. Markaziy Osiyo tarixiga oid solnoma, qadimiy asar va miniatyuralarda ignabargli tur, ya'ni kiparis daraxti ko‘p uchraydi. Ular bizning regionlarda o‘sa olgan. Keyin esa yo‘qolib qolgan. Markaziy Osiyo davlatlarida XIX asr oxirida kiparisni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilgan tajribalar, afsuski, kutilgan natijani bermadi. Hozir hududlarda ommaviy ekilayotgan archalar mintaqadagi iqlimga moslasha olmayapti.

Iqlimdagi noodatiy o‘zgarishlar, turli zararkunanda, yangi turdagi qurt-qumursqalar bosqini kabi hodisalar yaxlit ekotizimni izdan chiqarish xavfini oshiradi. Issiq haroratlar kana va chivin faolligini oshirib yuboradi.

Beqaror qish oylaridagi to‘satdan issiq va sovuq anomaliyalarning almashinishi, tog‘ yaylov fitomassasida buzilishlarga olib keladi. Yaylovlar chorva mollarining 50 foizini ozuqa bilan ta'minlaydi. Kelgusida, tabiiyki, chorva mollari narxi muttasil oshib boraveradi.

Iqlim isishi, aholi ko‘payishi, ehtiyojlarning ortishi mintaqada suv muammosini kuchaytiradi. Havo oqimlarining noodatiy takrorlanishi esa jadal yog‘in va to‘satdan esuvchi kuchli shamollar xavfini oshiradi. Jadal yog‘inlar sel-suv toshqinlardan kelib chiqadigan favqulodda hodisalar soni oshishiga, u esa iqtisodiy zararlar ko‘payishiga olib keladi.

Transport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar salmog‘i ham issiqxona effektini keltirib chiqarayotgan asosiy omil sifatida qaralmoqda.

Iqlim o‘zgarishining ayrim ijobiy tomonlari ham bor. Masalan, baliqchilikda istiqbolga erishsa bo‘ladi. Bunda baliqni ko‘paytirish va o‘stirish uchun qulay bo‘lgan mavsumlar davomiyligi ortadi, qish davrida ularda tabiiy o‘lim kamayadi.

“Iqlim isishiga moslashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish – hukumat oldidagi vazifa”

— Har bir davlat o‘z iqtisodiyotini rivojlantirish uchun tinimsiz harakatda, bunga juda ko‘p energiya olish bilan erishish mumkinligini yaxshi bilishadi. Ammo energiya olish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini keskin rivojlantirish iqlim isishini tezlashtirishga qo‘yilgan qadamlardan biri ekanini bilisharmikin. Albatta, bilishadi. Ammo buni tan olgilari kelmaydi, bilishsa-da, unga qarshi chora ko‘rmaydilar. Chunki bu ortiqcha resurs va pulni talab qiladi. “Nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechish kerak”, tamoyiliga amal qilinadi.

Mutaxassislar endi iqlimning isish tendensiyasini to‘xtatishga kech qolinganini tan olishmoqda. Isish sur'atini to‘xtatish endi oson kechmaydi. Go‘yoki tez harakatlanayotgan poyezd tormozi ishlamay qoldi, temir yo‘l izida juda tez harakatlanishda davom etmoqda. Uni to‘xtatishga harakat qilib ko‘ring-chi?

Olimlar barcha mamlakatlar issiqxona effektini kamaytirish uchun birdek imkoniyatlarni qo‘llagan taqdirda ham, 2040 yillarga boribgina, yana eski iqlim davriga qaytish mumkinligini ta'kidlashdi. 25 yil ichida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha tuzilgan beshta yirik xalqaro bitimlarda ko‘rsatilgan chora-tadbirlar deyarli amalga oshmadi. Kutilmalar esa xavotirli.

Insoniyat tomonidan iqlim o‘zgarishini keltirib chiqarayotgan omillar jilovlanmas ekan, asr oxiriga borib, sayyoramizda harorat 4 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Ayni dam dunyoda isish 1 darajadan yuqoriladi va biz shu o‘zgarishda qanchadan qancha salbiy oqibatlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz. 4 daraja yuqorilash esa ayanchli iqlim bo‘hronlarini keltirib chiqaradi. Tasavvur qilish qiyin.

Iqlimning isish tendensiyasini keskin kamaytirish yoki to‘xtatib qolish imkonsizdek. Bu ma'lum davlatlar sa'y-harakatigagina bog‘liq emas. Osmon barchaniki, yuqoridagi jarayonlar barchasi zanjir misol bir-biriga ulangan. Dunyo davlatlari birdek harakat qilmas ekan, iqlim o‘zgarishi oldini olib bo‘lmaydi.

Afsuski, rivojlangan davlatlar ko‘pi Parij iqlim bitimida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni rad etishmoqda. Bunday vaziyatda har bir hukumat oldida iqlim isishining salbiy oqibatlariga moslashish hamda ularni yumshatish masalasi turibdi.

Iqlim isishiga moslashish, uning oqibatlariga yumshatish qanday amalga oshiriladi?

Buning uchun O‘zbekiston sharoitida har bir tarmoq uchun iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etadigan mukammal ssenariylar ishlab chiqilishi kerak.

“Iqlim o‘zgarishi oqibatlari oldini olish, moslashish, yumshatish strategiyasi” amalda tezroq tatbiq qilinishi zarur.

Iqlim isishining halokatli oqibatlariga moslashish yoki yumshatish masalalariga to‘g‘ri yondashilsa, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika, favqulodda vaziyatlarning oldini olishda istiqbolli natijalarga erishish mumkin. Natijada iqlimning salbiy oqibatlarini iqtisodiyot tarmoqlariga ta'siri kamaytiriladi. Qurbonlar kamayadi. O‘zbekiston keyinroq mintaqadagi qo‘shni davlatlarga bu sa'y-harakatlari bilan andoza bo‘lishi mumkin.

Transport sohasida, elektromobillardan foydalanish, aholini ko‘proq jamoat transportlaridan foydalanishiga urg‘u qaratish lozim. Zero, poytaxt havosida smog hosil bo‘lishi boshlangan. Bu shahar ko‘chalarida haddan tashqari ko‘p miqdorda transport harakati bilan bevosita bog‘liq.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Mavzuga oid:

Top