14:34 / 30.06.2021
10048

Tojikiston prezidenti Afg‘onistonni terrorizmga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

Emomali Rahmon Afg‘oniston parlamenti quyi palatasi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Afg‘onistonni terrorizmga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bu haqda «Sputnik Tojikiston» xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, Rahmon Afg‘oniston parlamenti quyi palatasi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“Tomonlar terrorchilar va noqonuniy giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug‘ullanadigan uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurashda samarali choralar qabul qilishga kelishib oldi”, deyiladi xabarda.

22 iyunda Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegarasini qo‘riqlayotgan afg‘on chegarachilari toliblar hujumiga uchragan. To‘qnashuvlar davomida 134 nafar afg‘on harbiysi Tojikistondan boshpana so‘rashga majbur bo‘lgan. 27 iyunda esa yana 17 nafar afg‘on harbiysi toliblar bilan to‘qnashuvlar vaqtida chekinib, Tojikiston tomonga o‘tgan.

Shuningdek, 23 iyunda 53 nafar afg‘on harbiylari O‘zbekiston hududiga qochib o‘tgandi. Bundan tashqari, 26 iyun kuni chegaraning ushbu qismida qo‘shni mamlakat kuchishlatar tizimlari 3 nafar vakilining O‘zbekiston hududiga kirib kelish holati qayd etilgan.

O‘zbekiston TIVning 28 iyun oqshomidagi bayonotiga ko‘ra, 27 iyun kuni 44 kishidan iborat Afg‘oniston chegara qo‘shinlari va mahalliy qurolli guruh vakillari Sho‘rtepa tumani hududida O‘zbekistonning davlat chegarasini buzgan.

Top