13:37 / 02.07.2021
28156

Abdulaziz Komilov Pentagon rahbari bilan uchrashdi

2021 yilning 1 iyul kuni Vashington shahriga O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari sifatida kelgan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Amerika Qo‘shma Shtatlari mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: dunyo.info

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Pentagon rahbari vazir Abdulaziz Komilovni O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi bilan tabriklagan.

Muzokaralarda mudofaa yo‘nalishidagi, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish kabi sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb jihatlari muhokama qilindi. 

Turli darajalar va yo‘nalishlardagi muntazam muloqot sababli so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Amerika aloqalari ijobiy o‘sish sur'atlarini kasb etayotganligi, amaliy mazmun bilan boyib borayotgani qayd etildi.

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi xalqaro sa'y-harakatlar O‘zbekiston tomonidan ko‘p yillardan buyon qo‘llab-quvvatlanayotganini olqishladi hamda ushbu mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash va uning Markaziy Osiyo mintaqasiga integratsiyasiga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi, deyiladi xabarda.

Top