19:45 / 05.07.2021
14633

Bekobod tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari 3,5 yilga qamalgani ma'lum bo‘ldi

Bekobod tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari 2020 yil avgustida 5000 AQSh dollari miqdorida pora olayotganida qo‘lga olingan, bu haqda Kun.uz o‘z manbasiga tayanib xabar bergandi. Ma'lum bo‘lishicha, uning harakatlari pora olish emas, firibgarlik sifatida malakalangan.

Kun.uz Toshkent viloyat sudi axborot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, M.B.ga oid jinoyat ishi JIB Bo‘ka tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 13 noyabrdagi sud hukmi bilan u JKning 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (pora berishga dalolat qilish) bilan aybdor deb topilgan hamda unga nisbatan 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, IIB boshlig‘i o‘rinbosari aslida vakolati bo‘lmasa-da, jinoyat ishi bo‘yicha qidiruvdagi shaxsga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasini yengilrog‘iga almashtirish, shuningdek tergov harakatlari davomida yengillik berishni va'da qilib, tamagirlik yo‘li bilan pul mablag‘larini talab qilgan.

Avvalroq Kun.uz pora bilan qo‘lga tushgan Buxoro viloyat DSENB boshlig‘i 3 yilga, Chilonzorda 1 gektar yerni 1,4 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan mansabdorlar 8 yilga qamalganini xabar qilgandi.

Top