21:17 / 06.07.2021
13924

Kichik tajriba: Daraxtlar – jazirama issiqdan kuchli himoya

Yurtimizda anomal issiq ob-havo hukm surayotgan shu kunlarda biz Andijon shahri markazida kichik tajriba o‘tkazib ko‘rdik.

6 iyun, soat 15:30. Qo‘limizdagi termometr bilan havo harorati darajasini o‘lchaymiz.

Termometr quyosh nuri to‘g‘ridan to‘g‘ri tushib turgan joy, ya'ni ko‘chada harorat 43 daraja issiqdan yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Shundan so‘ng daraxt soyasidagi haroratni o‘lchashga harakat qilamiz. Soyadagi harorat 37 darajani ko‘rsatdi.

Ko‘rib turganingizdek, olti daraja farq.

“Daraxtlar nafaqat salqin beradi, balki atmosferaga chiqariladigan zaharli tashlamalar kamayishiga, shovqinlar pasayishiga xizmat qilib, bundan tashqari noyob va mahalliy qushlarning in qurib ko‘payishlari uchun boshpana vazifasini o‘taydi”, – deydi viloyat Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassisi Alisher Toshmirzayev.

Bejiz yurtimizda qadimdan daraxt ekkan inson ulug‘lanmagan. Biroq afsuski, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bo‘ylab minglab daraxtlar kesib yuborilganining oqibati hozirgidek jazirama kunlarda ayniqsa bilinyapti.

Elmurod Ermatov,

Jahongir Mahmudov

Mavzuga oid
Top