19:35 / 06.07.2021
3086

Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi hududidagi daraxtlar tegishli ruxsatnoma olinmasdan kesib tashlandi

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasida daraxtlar tegishli ruxsatnoma olinmasdan kesib tashlangan. Bu haqda Qashqadaryo viloyat ekologiya boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasida daraxtlar kesilayotgani holati Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganilgan.

O‘rganish davomida aniqlanishicha, joriy yil 24 iyun kuni Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan tibbiyot birlashmasi hududida qurigan va yuridik shaxslarning mol-mulkiga va fuqarolarning hayotiga xavf solayotgan 20 tup terak va 1 tup chinor daraxtlarini kesish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ariza yo‘llangan. Ariza 32840742-raqam bilan elektron tarzda ro‘yxatga olingan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 25 iyun kuni Shahrisabz shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan mazkur ariza joyiga borib o‘rganilgan. O‘rganish davomida, har xil diametrdagi 10 tup terak daraxti tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari va turli xil kasalliklar ta'sirida zararlanib, qurib qolgani, qolgan daraxtlar sog‘lom holatda ekani ma'lum bo‘lgan.

2021 yil 28 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-sonli qarori 29-bandiga muvofiq viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining №227-raqamli bilan qurigan 10 tup terakni sanitar maqsadda kesishga ruxsat berilgan. Qolgan sog‘lom teraklar hamda chinorni kesishga rad etish haqida xulosa berilgan.

Vazirlar Mahkamasining «Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 2018 yil 31 martdagi 255-son qarori talabiga asosan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlarining ijobiy xulosasi olingandan keyin daraxt va butalarni kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish uchun tuman (shahar) xokimliklari ruxsatnoma rasmiylashtirishi belgilangan.

O‘rganish davomida Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi sanitar maqsadda kesishga ijobiy xulosa berilgan 10 tup terakni shahar hokimligi ruxsatnomasini olmasdan kesib tashlagani aniqlangan.

Ta'kidlanishicha, ushbu holat yuzasidan Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi mas'ul xodimiga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 2 million 450 ming so‘m jarima qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Surxondaryo viloyati Denov shahrida tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi mas'ul xodimi tomonidan 109 tup daraxt tegishli ruxsatnomasiz kesib tashlangan va o‘simlik dunyosiga 329 million so‘m zarar yetkazilgan.

P.S. Garchi Qashqadaryo viloyati ekologiya boshqarmasi Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi hududida qurib qolgan teraklarni kesib olish uchun ijobiy xulosa bergan bo‘lsa-da, negadir fotosuratda barg yozib turgan daraxt kesilgani ko‘rinyapti. Taajjub!

Top