17:14 / 07.07.2021
20042

Karantin cheklovlaridan qiynalayotgan restoratorlar hukumatdan yordam so‘ramoqda

10 kundan buyon O‘zbekiston bo‘ylab kafe, oshxona va choyxonalar ish vaqtiga cheklov amal qilmoqda. Umumiy ovqatlanish maskanlarini soat 20:00da yopish talabi restoratorlarni qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda.

Kun.uz'ga murojaat qilgan restoratorlar Davron Hamidov va Ziyovuddin Alixonov restoran va kafelar cheklov sabab qiyin vaziyatga tushib qolgani, kundalik tushum tushib ketgani, agar cheklovlarda yengilliklar berilmasa, ish o‘rinlarini qisqartirishga majbur bo‘lishlari, bu yil o‘tgan yildan farqli ravishda karantin paytida soliq imtiyozlari ham yo‘qligi haqida so‘zlab berishdi.

“Xarajatlar deyarli o‘sha-o‘sha, lekin tushum keskin kamaygan”

— Karantin cheklovlari o‘rnatilganiga bir haftadan oshdi. Birinchi kundan katta o‘zgarish sezdik, talab ancha kamaydi. Odamlar kelsa ham eshigimizni yopib qo‘yishga majbur bo‘lyapmiz. Chunki cheklovlarni nazorat qiladigan organlar judayam faol. Ular kunda-kunora kelib, tekshirishadi. Jarimalari ham katta ekan.

Ayni vaqtda umumiy ovqatlanish sektori judayam qiyin ahvolda. Sababi kundalik tushum tushib ketgan. Lekin soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashimiz kerak.

Bundan tashqari, ishchilarimizning oyligini berishimiz kerak: hozirda tarmog‘imizda 120dan ortiq ishchi ishlatamiz. Ijara puli va yana boshqa chiqimlarimiz ham bor. Xarajatlar esa joyida qolyapti.

Kafe va restoranlar yetkazib berish xizmatini ko‘rsatish orqali zararini kamaytirish mumkin, deb o‘ylashadi. Aslida unday emas. Chunki odamlar restoranga faqat ovqatlanish uchun kelishmaydi, ular uydan tashqarida vaqt o‘tkazish, restoran atmosferasida ovqatlanishni istaganlari uchun ham kelishadi.

Davron Hamidov

“Kunlik tushumning katta qismini 20:00dan keyin qilamiz”

— Ayni vaqtda anomal issiq ham ketmoqda. Bunday vaziyatda ko‘pchilik vatandoshlarimiz soat 20:00dan keyin ko‘chaga chiqadi. Biz 50 foiz tushumimizni 20:00dan keyin qilamiz.

Hamma ko‘chaga chiqib, endi “ishlayman” deganingda, kelib yopishadi.

 Cheklovlar natijasida, soat 19:00 atrofida restoran oldida navbatlar bo‘lib qolmoqda. Nega? Chunki hamma biladi, kafe yoki restoran soat 20:00dan yopiladi. Shungacha ulgurish uchun hamma shoshib, deyarli bir vaqtda yetib keladi.

“Cheklov qo‘yildi, yengillikdan esa darak yo‘q”

— Ayni ko‘p mijoz keladigan ish vaqtimizni cheklashdi-yu, lekin hech qanday yengillik berilmagan. “Ishlayapsanmi, ishlayapsan. To‘lovni qil”, deyishadi. Kechki 20:00dan yopayotganimizni, tushumlar keskin kamayib ketganini esa o‘ylashmaydi.

O‘tgan yili karantin paytida hech bo‘lmaganda soliq imtiyozlari berishgan edi.

Ziyovuddin Alixonov

“Kimdir bemalol konsertini o‘tkazadi, restoranlarga esa cheklovlar”

— Cheklovlardan keyin jamoat transportlari to‘la odam, bozorlar to‘la odam, shu kungacha tadbir va festivallar o‘tkazilib kelindi. Unga hech kim e'tibor bermayapti. Faqat bizga “e'tibor”. Xuddi transportda, tadbirlarda, bozorda yuqmagan virus alohida o‘tiriladigan, sanitariya-gigiyenaga e'tibor beriladigan umumiy ovqatlanish joylarida yuqib qoladigandek.

Yoki “tadbirkorda pul ko‘p, uning tushumi ko‘p” deb o‘ylashadimi? Kimdir bemalol konsertini o‘tkazadi. Bizda esa cheklovlar. Bu adolatsizlik emasmi?

Aksincha, bizda fuqarolar karantin tartiblariga amal qilishini nazorat qilish oson. Har bir kelgan mijoz bilan alohida ishlaymiz. Antiseptik bilan ta'minlaganmiz, ishchilarimiz niqobda bo‘ladi.

“Hukumat bizga yordam bersa, biz ham ko‘makka tayyormiz”

— Agar hukumat bizga yordam bersa, biz ham yordamga tayyormiz. Masalan, har bir kelgan mijozga vaksinani targ‘ibot qilamiz. Vaksina olgan fuqarolarga chegirmalar qilib beramiz. Jamoat joylarida, jamoat transportida, bozorlarda virusga qarshi kurash va uni nazorat qilish qiyin. Bizda esa oson.

Faqat shu ish faoliyatimizdagi cheklovni hech bo‘lmasa kech soat 23:00ga uzaytirib berishsa, biz ham qo‘limizdan kelgancha virusga qarshi kurashda yordamlashamiz. Nazoratni kuchaytiramiz. Mayli, agar karantinga amal qilmasak, jarima qo‘llanishiga rozimiz. Lekin bu cheklov umumiy ovqatlanish sektori qulashiga sabab bo‘ladi. Natijada ishsizlik ortadi, bozorlardagi savdoga ta'sir qiladi. Umumiy ovqatlanish obektlari yopilishiga ham sabab bo‘ladi.

Shunday salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida hukumatga iltimos bilan chiqyapmiz. Maxsus komissiya qarorini qaytadan ko‘rib chiqib, umumiy ovqatlanish sektori faoliyatidagi vaqt cheklovini uzaytirib berishini so‘rab qolamiz.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda birgina Qashqadaryo viloyatida ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlari soat 22:00gacha ishlashiga ruxsat berilgan.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.
Montaj ustasi – Muhiddin Nido.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top