17:50 / 08.07.2021
27333

Italiya va Angliya qoldi. Sterlingning shov-shuvli yiqilishi va Morataning penaltisi: Yevro 1/2 finalining asosiy voqealari

Angliya - Yevro finalida. Futbol uyga qaytmoqda, ammo nohaq penaltidan keyingi qora yo‘l bilan.

Yevropa chempionatining yarimfinali qanday voqealar bilan yodda qoldi?

Hal qiluvchi o‘yinga London mezbonlik qiladi.

6 iyul kun oqshomida «Uembli»da kechgan birinchi yarimfinal bahsida Italiya penaltilar seriyasida Morataning hal qiluvchi zarbada xatoga yo‘l qo‘yishi oqibatida Ispaniyani uyiga ravona qildi.

Angliya esa 7 iyul kungi ikkinchi yarimfinalda qo‘shimcha bo‘limlarda Sterling ishlagan bahsli penalti tufayli Daniya to‘sig‘idan o‘tdi.

Italiyaning to‘rtinchi finali

Yevro-2020. 1/2 final
Italiya — Ispaniya — 1:1 q.b. (0:0, 1:1, 0:0). Penalti — 4:2
Gollar: Keza, 60 (1:0). Morata, 80 (1:1).
Penaltilar seriyasi: Lokatelli — 0:0 (darvozabon). Olmo — 0:0 (xato). Belotti — 1:0. Moreno — 1:1. Bonuchchi — 2:1. Tiagu Alkantara — 2:2. Bernardeski — 3:2. Morata — 3:2 (darvozabon). Jorjino — 4:2.
Italiya: Donnarumma, Di Lorenso, Kellini, Bonuchchi, Emerson (Toloy, 74), Verratti (Pessina, 74), Jorjino, Barella (Lokatelli, 85), Keza (Bernardeski, 107), Immobile (Berardi, 61), Insine (Belotti, 85).
Ispaniya: Simon, Aspilikueta (M.Lorente, 85), Lyaport, Garsiya (Pau Torres, 109), Jordi Alba, Torres (Morata, 62), Pedri, Koke (Ernandes, 70), Buskets (Tiagu Alkantara, 106), Olmo, Oyyarsabal (Moreno, 70).
Ogohlantirishlar: Buskets, 51. Toloy, 98. Bonuchchi, 118.
Hakamlar: Brih. Borsh, Lupp (barchasi — Germaniya).
VAR: Frits. Dingert, Gittelmann, Dankert (barchasi — Germaniya).
6 iyul. London. «Uembli» stadioni. 57811 tomoshabin.

Italiya va Ispaniya o‘rtasidagi uchrashuv avvaldan turnirning eng tomoshabop, mazmunli va dinamik o‘yini bo‘lishi kutilayotgandi, amalda ham shunday bo‘lib chiqdi — bu hozircha turnirning sifatli futbol jihatdan eng yaxshi uchrashuviga aylandi. Ikki jamoa o‘yin uslubida o‘zaro o‘xshash jihatlar bor edi. Ikki jamoa ham to‘pga egalik qilishni istaydi, ikki jamoa ham yuqori pressing va kontrpressing qo‘llaydi, hatto bir xil sxemadan foydalanadi - 4-3-3.

Roberto Manchini boshchiligidagi hozirgi Italiya hozirgi Ispaniyadan ko‘ra ko‘proq ispancha futbol namoyish etmoqda. Butun turnir mobaynida Italiya dominant mavqeda o‘ynadi. «Skuadra adzurra» o‘z o‘yini bilan ispanlarga xos bo‘lgan tiki-takining zamonaviy versiyasini eslatib yubordi va Yevroning eng yorqin jamoasi sifatida olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Ispaniyaga qarshi o‘yinda esa Roberto Manchini jamoasi azaliy uslubiga qaytishiga to‘g‘ri keldi. Luis Enrike yigitlari o‘yin davomida barcha jabhalarda ustunlik qilishdi, ammo vaziyatlardan foydalana olishmadi, ammo raqibni penaltilar seriyasida ishtirok etishga majbur qildi.

«Uembli» asosan Londonda yashovchi muxlislar bilan to‘lgandi — shuningdek, bu o‘yin uchun turnirning avvalgi bosqichlarini qurbon qilgan italyanlar va ispanlar bilan (Britaniyadagi karantin qoidalariga ko‘ra, ushbu mamlakatga kelgach, 10 kunlik karantinda o‘tirish kerak).

Kellini va Bonuchchi, Veratti va Jorjino himoyada katta ish qilishiga to‘g‘ri keldi. Bir soat chidab bergan italiyaliklar Kezaning chiroyli zarbasidan keyin yengil tin olishdi. Enrike katta farq bilan to‘pga egalik qilishda ustunlik qilishi natija bermadi, ammo zaxiradan tushgan Morata o‘yinning oxirgi qismida Olmoning uzatmasini golga aylantirib, hisobni tenglashtirdi. Yevro-2020ning asosiy yosh yulduzlaridan bo‘lgan Pedri top-match o‘tkazib, uzatmalar aniqligi bo‘yicha fenomenal natija ko‘rsatdi.

Tomonlar qo‘shimcha bo‘limlarda ehtiyotkorlik bilan harakatlanishdi va o‘yinni penaltilar seriyasigacha cho‘zishdi. Unai Simon birinchi zarbani - Lokatellining zarbasini qaytardi, ammo undan keyin Olmo ham xato qildi, Morata esa Donnarummani alday olmadi.

Ispaniyalik forvard penaltilar statistikasini yanada yomonlashtirdi va ispan muxlislaridan navbatdagi tahdidlarni qabul qilishda davom etadi, «Milan»dan «PSJ»ga o‘tayotgan italiyalik darvozabon esa kecha qahramoniga aylandi.

Italiya mag‘lubiyatsiz seriyani 33 o‘yinga yetkazdi. Jahon rekordi Braziliya va Ispaniyaga tegishli — 35. «Skuadra adzurra» o‘z tarixida to‘rtinchi bor Yevropa chempionati finaliga chiqdi.

Angliyaning ilk finali

Yevro-2020. 1/2 final
Angliya — Daniya — 2:1 q.b. (1:1, 0:0, 1:0)
Gollar: Damsgor, 30 (0:1). Ker, 39 — avtogol (1:1). Keyn, 104 (2:1).
Aniq ijro etilmagan penalti: Keyn, 104 (darvozabon)
Angliya: Pikford, Uoker, Shou, Stouns, Maguayr, Rays (Henderson, 95), Maunt (Foden, 95), Saka (Grilish, 69. Tripper, 106), Fillips, Keyn, Sterling.
Daniya: Shmeyxel, Ker, Vestergor (Vinn, 105), Kristensen (Andersen, 79), Stryuger Larsen (Vass, 68), Mehle, Dileyni (Yyensen, 88), Heyberg, Breytueyt, Dolberg (Nergor, 67), Damsgor (Poulsen, 65).
Ogohlantirishlar: Maguayr, 49. Vass, 72.
Hakamlar: Makkeli. de Fris, Stegstra (barchasi — Niderlandiya).
VAR: van Bukel. Blom (ikkisi — Niderlandiya), Gittelmann (Germaniya), Gil (Polsha).
7 iyul. London. «Uembli» stadioni.

Angliya termasi qatorasiga ikkinchi yirik turnirda yarimfinalda o‘ynashi bu jamoaning salohiyatiga shubha bilan qaraganlarga javob bo‘ldi. O‘yindan oldin inglizlar bosh murabbiyi Garet Sautgeyt shunday dedi: «Ko‘pchilikda biz bunday musobaqalarda yaxshi ishtirok eta olmasligimiz haqida tasavvur bor. Hozir esa yigitlarimiz bunday tasavvurlarni yo‘qqa chiqarmoqda». Angliyaliklar hamisha turnir favoritlari qatorida bo‘lishadi va Angliya futbol vatani hisoblanadi, ammo ularning tarixdagi natijalari juda va juda kamtarona. Inglizlar faqat 1966 yilda Angliya mezbonligidagi turnirda muvaffaqiyat qozonishgan. Shu bilan bo‘ldi — jamoa shundan keyin jahon va Yevropa chempionatlarida hatto finalga ham chiqishmagan. Daniyaliklar esa 29 yil muqaddam Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lishgandi.

«Football's coming home», — shu kunlarda butun Angliya bu so‘zlarni takrorlamoqda. Yevro-1996 uchun yozilgan qo‘shiq yangi hayotini boshladi. Chorak asr muqaddam «Uch sherlar» uydagi turnirda yarimfinaldagi penaltilar seriyasida nemislarga yutqazgandi. Hal qiluvchi 11 metrlik zarbani o‘shanda Sautgeyt golga aylantira olmagandi. Bu haqda Germaniyaga qarshi 1/8 final arafasida ham ko‘p eslashgandi, bu safar yana bir sabab paydo bo‘ldi — Yevro finaliga chiqish uchun o‘yin yana «Uembli»da edi.

Daniyaga qarshi Sautgeyt to‘rt himoyachili taktika tanladi — xuddi Ukrainaga qarshi o‘yindagi kabi. Tarkibdagi futbolchilar ham o‘sha o‘yindagi bilan deyarli bir xil edi — faqat hujum qanotida Saka Sancho o‘rnini egalladi. Daniyaliklar ham hech qanday syurpriz bo‘lmadi.

Ikki jamoa ham maydonga katta ishtiyoq bilan tushishgandi. Birinchi bo‘limning dastlabki qismida britanlar hujumga o‘tishning barcha yo‘llarini qo‘llab ko‘rishdi — qanotlar orqali hujumlar, uzun uzatmalar, chiziqlar orasidan yorib o‘tishga urinishlar. Qanotlardan uzatmalar ham ish bermadi — daniyaliklar himoyani qattiq ushlashdi.

Natijada birinchi bo‘lib daniyaliklar gol urishdi: Damsgor jarima zarbasini shunday ijro etdiki, Pikfordning sakrashi gol faqat chiroyli bo‘lishini ta'minladi. «Uembli» mutlaqo o‘zgacha chiqdi: bu ham Yevro-2020dagi jarima nuqtasidan urilgan ilk gol bo‘ldi, ham inglizlar turnirda ilk bor gol o‘tkazishi bo‘ldi. Ammo Pikford baribir Gordon Benks tomonidan 1966 yilgi turnirda o‘rnatilgan «quruq» seriya o‘tkazish bo‘yicha rekordni yangilashga ulgurdi (afsonaviy jahon chempioni 1966 yilning may-iyul oylarida jami 720 daqiqa davomida darvozasi daxlsizligini saqlagandi, Jordan esa bunday daqiqalarni 725 daqiqaga yetkazib qo‘ydi).

Qayd etish kerakki, jarima zarbasi arbitr Danni Makkelining xatosi bilan belgilangandi. Hakam Lyuk Shou Andreas Kristiansen bilan to‘p uchun kurashda qo‘pollik qildi deb topdi, ammo daniyalik futbolchi o‘zi yiqilgandi.

Angliyaliklar tezda o‘ziga keldi va hujumlarni davom ettirishdi. Avvaliga Sterling qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, keyingi vaziyatda Ker unga gol urishga yo‘l qo‘ymadi - u joriy turnirdagi 11-avtogol muallifiga aylandi. Bu epizodda barcha ishni Keyn va Saka bajarishdi, «Arsenal» futbolchisining jarima maydoniga yorib kirib bergan uzatmasini to‘sishga uringan himoyachi to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga yo‘llab qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘limdagi o‘yin Angliyaning bu Yevrodagi eng yaxshi o‘yini bo‘ldi. Shmeyxel Maguayrning bosh bilan bergan zarbasini darvoza ustuni yonidan qaytarib yubordi, Pikford ham Dolbergning murakkab zarbasini to‘sdi, keyin daniyaliklar darvozasiga yana bir avtogol urilishiga bir baxya qoldi...

Vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi, ammo o‘yinning so‘nggi 15 daqiqasida tomonlar kuch tejab, qo‘shimcha bo‘limlarga tayyorlana boshlashdi. Overtaymda esa inglizlar raqibni taslim qilishdi.

Maydon egalari o‘yin penaltilar seriyasigacha davom etmasligi uchun barcha ishni qilishdi. Sterling skandinavlar himoyasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi va penalti ishladi. Aytish kerakki, bu juda bahsli penalti bo‘ldi. 

O‘yinning 103-daqiqasi o‘tib borayotgan vaqtda uchrashuv hakami yana xato qildi. U daniyaliklar jarima maydonida Rahim Sterlingga fol qayd etilgan deb topdi va 11-metrlik nuqtani ko‘rsatdi.

Ammo takrorlarning hech birida referining qarori to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatuvchi kadr yo‘q edi: na Yoakim Mehle va na Matias Yyensen angliyalik futbolchi bilan kurashda qoida buzgandi - ularning harakatlari futbolchining yiqilishiga sabab bo‘lmagandi. Videotakrorlardan keyin ham hakam qarorini o‘zgartirmadi.

Qolaversa, hujum uyushtirilayotgan vaqtda maydonda, Daniya darvozasi yaqinida ikkinchi to‘p ham bor edi va hakam o‘yinni to‘xtatmadi.

Nuqtaga Keyn yaqinlashdi... Shmeyxel to‘sdi. Ammo inglizlar to‘purari qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib keldi — tribunalar aqldan ozayozdi.

Sautgeyt ikkinchi qo‘shimcha bo‘lim oldidan ehtiyotkorlikka urg‘u qaratdi va uch markaziy himoyachi bilan o‘ynay boshladi. Ikkinchi bo‘limda Saka o‘rniga tushgan Grilish maydondan olinib, uning o‘rniga tushirildi. Bu esa ertakni yarimfinalda yakunlayotgan daniyaliklarga hukm o‘quvchi qaror edi.

Daniyaliklar 105-daqiqadan bir kishi kam bo‘lib qolishdi. Matias Yyensen ikkinchi qo‘shimcha bo‘limga chiqmadi: tanaffus arafasida ushbu futbolchi jarohat olib maydondan chiqdi. Uning o‘rniga esa boshqa futbolchi tushmadi - Kasper Yulmann asosiy vaqtda ruxsat berilgan barcha almashtirishlarni amalga oshirib bo‘lgan, qo‘shimcha bo‘limlar uchun yagona almashtirish esa Yyensen jarohatlanishidan bir necha soniya oldin qilingandi – 105-daqiqada maydonga Yonas Vind tushgan.

Angliya 55 yil ichida ilk bor katta turnirlarda finalga chiqdi va Yevropa chempionatidagi ilk g‘oliblik uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi. Bu katta yutuq bo‘ladi, ammo 11 iyul oqshomida «Uembli»da o‘tadigan o‘yinda italyanlarga yutqazish esa fojia sifatida qabul qilinadi.

Mavzu
Yevro-2020
Pandemiya tufayli kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Turnir ilk marta butun Yevropa bo‘ylab 11 shahardagi stadionlarda o‘tkaziladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top