11:04 / 08.07.2021
24003

Maktabgacha ta'lim vazirining yana bir o‘rinbosari o‘zgardi

Maktabgacha ta'lim vazirligida vazir o‘rinbosarlari tarkibi to‘liq yangilandi.

Shodiyor Mamatqulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan maktabgacha ta'lim vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Nodir Muslitdinov maktabgacha ta'lim vazirining yangi o‘rinbosariga aylangan.

Nodir Muslitdinov

Nodir Muslimdinov 1977 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek. Oliy ma'lumotli, 1999 yilda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini tamomlagan.

2001 yildan Moliya vazirligi tizimidagi tashkilotlarda ishlay boshlagan. 2014-2016 yillarda Moliya vazirligi ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasi Madaniyat va sportni moliyalashtirish bo‘limi boshlig‘i, 2016-2017 yillarda Moliya vazirligi ijtimoiy va ilmiy moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i muovini, 2017-2019 yillarda Moliya vazirligi ijtimoiy va ilmiy moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 2019-2020 yillarda Moliya vazirligi ijtimoiy va ilmiy moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i kabi turli rahbar lavozimlarda ishlagan.

U 2020 yilda Moliya vazirligining ijtimoiy soha, fan va aholini ijtimoiy muhofaza qilish obektlarida budjet siyosati departamenti direktori bo‘lgan, 2020 yil oxiridan buyon Moliya vazirligining aholini ijtimoiy muhofaza qilish va davlat ijtimoiy xizmatlari sohalarida budjet siyosati departamenti direktori sifatida ishlab kelayotgandi.

Shodiyor Mamatqulov 2018 yilning mayidan buyon maktabgacha ta'lim vazirining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Shodiyor Mamatqulov

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 24 may kuni hududlarda maktabgacha ta'lim muassasalari qamrovini kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani, vazirning birinchi o‘rinbosari Qahramon Olimov ishdan olingani xabar qilingandi.

Iyun oyi boshida Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Maqsudjon Yo‘ldoshev ham ishdan ketdi. Uning o‘rnini 2017 yil iyunidan buyon Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Uzoqboy Begimqulov egalladi. Qahramon Olimov o‘rnida esa Vazirlar Mahkamasida faoliyat yuritib kelgan Bahodir Anorboyev ish boshladi.

Bundan oldinroq madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Akilova, qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov va transport vaziri o‘rinbosari Akmal Mirzayev lavozimidan ozod etilgani haqida xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top