11:19 / 08.07.2021
5364

Samarqandda 18 yoshli yigit internetdagi o‘yinda katta miqdorda pul yutqazib, o‘z joniga qasd qilgani aniqlandi

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida 18 yoshli yigit internetdagi o‘yinda katta miqdorda pul yutqazib, o‘zini osgani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 15 may kuni Past Darg‘om tumani Yangiobod mahallasida yashovchi 18 yoshli yigit yashash xonadonining yordamchi xo‘jalik xonasida o‘zini osib, joniga qasd qilgan. Biroq yaqinlari bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qilmasdan, shu kuni mahalliy urf-odatlarni o‘tkazgan holda marhum qabristonga dafn etilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 2021 yil 7 iyul kuni Past Darg‘om tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazishga kirishilgan. Hodisa haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida murojaat etilmagani yuzasidan tuman xalq ta'limi bo‘limi, obodonlashtirish bo‘limi, oila va mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi va IIBga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Top