20:30 / 09.07.2021
26941

Denovdagi “daraxtkush”ning ma'muriy jazoga tortilishi qonunga zid. Aybdor jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak

Denovda daraxtlar kesilishida aybdor deb topilgan shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi. Biroq qonun bo‘yicha uning harakatlari jinoiy qilmish sifatida baholanishi lozim edi. Prokuratura va IIBning vaziyatga aralashmay turgani biroz shubhali.

Moratoriyga qaramay, Denovda daraxtlar yoppasiga kesildi. Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ma'lumot berishicha, “Denov tuman yo‘llardan foydalanish UK”ning uchastka bo‘limi boshlig‘i J.F. tomonidan 109 tup qimmatbaho daraxt ruxsatnomasiz kesib tashlangan. O‘simlik dunyosiga 329 mln 157 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, J.F. MJtK 79-moddasining 1-qismi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilib, unga nisbatan 2 mln 245 ming so‘m miqdorida jarima solingan.

Ammo, Kun.uz tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki J.F.ning xatti-harakatlari MJtK 79-moddasi emas, Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan malakalanishi lozim edi.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

JK 198-moddasining 2-qismiga ko‘ra, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, qilmish jinoyat deb topilishi kerak. JKga ko‘ra, ko‘p miqdor deb BHMning 300 baravari – ya'ni 73,5 mln so‘mdan 500 baravari – 122,5 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdor tushuniladi.

Denovdagi holatda esa ko‘p miqdor tugul, juda ko‘p miqdor (BHMning 500 baravari – 122,5 mln so‘m va undan ortiq bo‘lgan miqdor)da zarar yetkazilganiga guvoh bo‘lish mumkin – 329 mln so‘m!

Bundan tushunish mumkinki, yetkazilgan zarar 73,5 mln so‘mga yetmasagina daraxtlarni noqonuniy kesish ma'muriy huquqbuzarlik hisoblanadi va MJtK 79-moddasi 1-qismi bilan malakalanadi.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

Daraxtlarni noqonuniy kesganlik bo‘yicha jinoyat ishlarining tergovi JPK 345-moddasiga asosan ichki ishlar organlariga tegishli. Shunga ko‘ra, Denovdagi holat bo‘yicha ichki ishlar organi jinoyat ishi qo‘zg‘atishi va dastlabki tergovni olib borishi lozim.

Yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun o‘xshash misol keltiramiz: xabaringiz bor Ishtixonda ham xuddi shu tarzda qiron keltirildi. Tabiatga yetgan zarar 63 mln 700 ming so‘m baholandi. Bu summa jinoyat qonunchiligidagi “ko‘p miqdor”ga yetmaydi. Shu bois ishtixonlik daraxtkushga ma'muriy jazo qo‘llanilgan.  

Xullas, Denovdagi tabiatga nisbatan sodir etilgan bu jinoyat ma'muriy javobgarlik bilan bosdi-bosdi qilib yuborilmasligi, buning uchun prokuratura va ichki ishlar organlari o‘z majburiyatlarini lozim darajada ta'minlashlari shart.

Ma'lumot uchun, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun JK 198-moddasiga asosan 24,5 mln so‘mdan 36 mln 750 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Avvalroq Toshkentda 81 tup daraxtni kesib tashlagan quruvchi va qurilishga ruxsat bergan Yakkasaroy hokimi o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qariyb 2 mlrd so‘m undirilgandi.

Denovdagi daraxtlarga nisbatan bu xunrezlik ham huquqiy jihatdan Yakkasaroydagi holat bilan bir xil.

Har doimgidek, oddiy fuqaroga nisbatan soatday aniq ishlaydigan qonunlar qaysidir mansabdorga kelganida ishlamay qoladi.

Masala yuzasidan qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni ta'minlovchi Bosh prokuraturadan munosabat kutib qolamiz.

Abbos Salaydinov

Top