15:27 / 15.07.2021
51796

Turkiya «Tolibon»ning qat'iy ogohlantirishini qanday «o‘qidi». Turk harbiylari Afg‘onistonda nima uchun qolmoqda?

Foto: Getty Images

«AQSh, NATO va Turkiyaning Hamid Karzay aeroportidagi vazifalari nimadan iborat bo‘ladi, bu yerda nimalarni qabul qilamiz-u nimalarni qabul qilmaymiz – biz hozir bu haqda bir qarorga keldik», dedi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an juma kuni Diyorbakirda jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda.

Avvalgi bayonotlar bilan bir qatorda, ushbu chiqishdan Turkiyaning Afg‘oniston poytaxti Kobul aeroportida qolish masalasi qat'iylashgani anglashilmoqda.

Biroq hali ma'lum bo‘lmagan yoki jamoatchilikka ma'lum qilinmagan ko‘plab tafsilotlar mavjud.

Ayni paytda «Tolibon» seshanba kuni e'lon qilgan bayonotida Turkiyaning Kobul xalqaro aeroporti xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan qadamlarini «jirkanch» deb ta'rifladi. «Bu qaror shoshilinch qarordir va u suverenitetimiz, hududiy yaxlitligimiz va milliy manfaatlarimizga ziddir», deyiladi mazkur bayonotda.

«Tolibon»ning javobi nimani anglatadi?

Toliblarning chet ellik harbiylarga qaratilgan bayonotini Anqara «Bu yerda biz xo‘jayinmiz» degan ma'noda qabul qilmoqda.

Seshanba kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Turkiya nishonga olingan bayonot ham ushbu bayonotlarning davomi sifatida talqin qilinmoqda.

Anqara bu muammoni «Tolibon» bilan muzokaralarda bartaraf etish mumkinligi va ushbu missiya toliblarga qarshi emas, balki faqat aeroport xavfsizligini ta'minlashgagina qaratilganini ta'kidlamoqda.

Ayni masalada ma'lumot bergan Turkiya xavfsizlik xodimi AQSh chiqib ketganidan keyin toliblar xalqaro miqyosda tan olinishga urinishi, buning uchun ular Rossiya, Eron va Xitoy bilan muzokaralar boshlaganliklari, shuning uchun ham ular tajovuzkor munosabatda bo‘lmasliklarini ta'kidladi: «To‘g‘ri, ular amerikalik askarlarni bosqinchi, deb bilishadi. Ammo bizning aloqamiz bor, ular bizda bosqinchilik maqsadi yo‘qligini bilishadi. Bu ramziy bayonotlardir. Orqa fonda xalqaro hamjamiyatga qaratilgan «Bizning aytganimizdan boshqa hech narsa bo‘lmaydi» degan xabar bor. Shuning uchun Turkiyaga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘linadi, deb o‘ylamaymiz».

Turk diplomatik manbalari ham bu missiya «afg‘on xalqi manfaati uchun» ekanligini ta'kidlamoqda: «Tolibon»ning mamlakatdagi barcha chet ellik askarlarning ketishiga munosabati yaxshi ma'lum. Ammo afg‘on xalqi oldida turgan jiddiy gumanitar inqiroz sharoitida ko‘rib chiqilayotgan vazifa barcha afg‘on xalqi manfaati uchun ekanini ta'kidlashda davom etadi».

Afg‘onistonda nazorat kimda?
Manba: BBC afg‘on xizmati, 12 iyul, 2021 yil

Aeroport xavfsizligini ta'minlashni Turkiyadan kim so‘radi?

Afg‘onistonda 2002 yilda boshlangan Xalqaro xavfsizlik yordam kuchlari (ISAF) jangovar operatsiyasi 2014 yil oxirida yakunlangach, Afg‘oniston 2015 yil boshidan butun mamlakat xavfsizligi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ammo xavfsizlik, iqtisodiy va ta'lim ko‘rgan inson resurslari yetishmovchiligi sabab Afg‘oniston aeroportlar xavfsizligini ta'minlay olmadi. Shu bois, Hamid Karzay xalqaro aeroportining harbiy qismini boshqarishni Turkiya o‘z zimmasiga oladi.

Turkiyaning ushbu sohadagi tajribasi va Afg‘onistondagi kuchlarga ta'sir ko‘rsatuvchi mintaqa davlatlari bilan ham yaxshi aloqada ekanini hisobga olgan holda, mazkur g‘oya ilgari surildi.

Anqaradagi yuqori lavozimli rasmiyning ta'kidlashicha, Turkiya ushbu talabdan mamnun.

Diplomatik manbalarga ko‘ra, «Turkiya NATOning qat'iyatli qo‘llab-quvvatlash amaliyoti doirasida 2015 yildan beri Kobuldagi Hamid Karzay xalqaro aeroportining xavfsiz ishlashi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib kelmoqda va bu borada katta tajriba to‘plangan».

Ayni shu manbalar quyidagicha bayonot berdi: «NATO missiyasi tugagandan so‘ng, Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalar va xalqaro yordam tashkilotlari o‘z faoliyatini davom ettirishlari nuqtayi nazaridan aeroportning xavfsiz ishlashi muhim ahamiyatga ega. Shu ma'noda, barcha afg‘onlar manfaati uchun biz ushbu ishni davom ettirish niyatida ekanimizni Afg‘oniston hukumatiga bildirdik».

Ma'lumot uchun, aeroport xavfsizligi shu kungacha asosan AQSh rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan edi.

AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysining ta'kidlashicha, mazkur hamkorlik «Mudofaa sohasidagi AQSh-Turkiya hamkorligiga ahamiyat berilganini ko‘rsatadi».

Harbiylar qanday sharoitda Turkiyaga qaytariladi, bu haqda kim buyruq beradi?

Turkiya xavfsizlik xodimi missiya NATO doirasidan chiqarilishi sababli, turk askarlari Turkiya bayrog‘i ostida xizmat qilishini, buyruqlar ham Turkiya tomonidan berilishini ta'kidladi.

Amerikalik rasmiy esa aeroport bilan bog‘liq xavfsizlik xavotirlari mavjudligini va ikki mamlakat u yerda xavfsizlikni ta'minlash masalasida «muvofiqlashgan bir shaklda harakat qilishi»ni bildirdi.

AQSh razvedka xizmati bo‘yicha Kobuldagi aeroportda turk askarlarini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Turkiya diplomatik manbalari turk askarlarining belgilangan missiya doirasida vazifasini bajarishi uchun huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar davom ettirayotganini bildirdi.

«Tabiiyki, ushbu missiyani amalga oshirish uchun dastlab Turkiya Buyuk Millat Majlisidan ruxsat olinishi lozim. Har holda, missiya jangovar xarakterga ega bo‘lmagan va aeroport xavfsizligi bilan cheklangan yo‘riqnomaga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda, o‘zini himoya qilishni talab qiladigan vaziyatlar esa bundan mustasno». 

Ushbu sharoitda, xuddi Liviya bilan 2019 yil oxirida tuzilgan bitim singari, Afg‘oniston hukumati bilan yozishmalar olib borilgandan so‘ng, Turkiya parlamentining qarori talab qilinadi.

Ayni paytda aeroportga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilinmaguncha turk askarlarining hech qanday tarzda urushda qatnashishi rejalashtirilmayapti. Turkiya harbiylari aeroport hujumga uchragan taqdirda uning xavfsizligini ta'minlash uchun cheklangan jangovar vazifalarni bajaradilar.

Afg‘onistondagi missiyani amalga oshirishda Turkiyaning qanday strategik manfaati bor?

Bu – Turkiya zimmasiga oladigan vazifa bilan bog‘liq eng muhim savollardan biridir.

AQSh 20 yil davomida olib borilgan kampaniyani natijasiz yakunlamoqda. Endilikda mamlakatda toliblar tez sur'atlar bilan kuchayib bormoqda.

AQShning hech qanday shartlarsiz chiqib ketishiga amin bo‘lgan toliblar Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar olib borishdan bosh tortdi. Ushbu jarayonda esa Afg‘oniston hukumatining siyosiy va harbiy nazoratni ushlab turishga qodir kuchi yo‘qligi ayon bo‘lib qoldi. O‘tgan 20 yil ichida aeroport xavfsizligini ta'minlash uchun afg‘onlarning biror maxsus bo‘linmasi yoki xavfsizlik kuchlari tashkil qilinmadi.

Aeroportga nomi berilgan, AQShning aralashuvidan so‘ng tashkil etilgan, AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan birinchi hukumat rahbari Hamid Karzay bu holatni quyidagicha izohladi: «Ular radikalizmni tugatish va barqarorlikni tiklash uchun kirishdi, lekin ikkalasiga ham erishmasdan chekinishmoqda».

NATO missiyasi doirasida Turkiyaning mamlakatda 600ga yaqin askari mavjud edi. Mana shunday bir sharoitda Afg‘onistonga ushbu missiya bilan kirib kelayotgan Turkiya nega bu tavakkal va xavfli ishga qo‘l urmoqda?

Pokiston, Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston, Tojikiston va Xitoy bilan, ya'ni chegaradosh qo‘shnilar o‘rtasidagi avtomobil va temir yo‘llardan tashqari, Afg‘onistonning dunyo bilan aloqasi havo yo‘li orqali, asosan, Hamid Karzay aeroporti orqali ta'minlanadi. Shu sababli, Turkiya zimmasiga oladigan vazifa juda muhim.

Turkiya xavfsizlik xodimi aeroport urush maydoni bo‘lmasligi kerakligini va chet el vakolatxonalari, diplomatik vakolatxonalarga kirish va investitsiyalarning sog‘lom ishlashi uchun uning xavfsizligini ta'minlash lozimligini aytmoqda.

Turk rasmiysining ta'kidlashicha, Afg‘onistonda Turkiya Hamkorlik va koordinatsiya agentligi (TİKA)ning sarmoyalari va maktablari bor. Afg‘oniston bilan Istiqlol urushida boshlangan tarixiy munosabatlar tufayli yangi davrda ham Turkiya ijtimoiy tuzilmani rivojlantirish va barqarorlikni ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Bu avvalgiga qaraganda ancha katta jangovar vazifa emasligi, mamlakatga katta tanklar va samolyotlar bilan kirib borilmasligi sababli Turkiya uchun bu juda katta xarajatlarga sabab bo‘lmaydi.

Hujum sodir bo‘lgan taqdirda, turk harbiylari faol xizmatda bo‘lishlari va aeroport xavfsizligini ta'minlashlari kerak. Buning oldini olish uchun esa Anqara «Tolibon» bilan aloqani muhim deb biladi.

Shu bilan birga, mamlakatni barqarorlashtirish orqali Afg‘onistondan yillar davomida kelayotgan immigratsiya oqimining oldini olish mumkin.

«Afg‘onistondan kelib chiqadigan yangi migratsiya to‘lqini nafaqat qo‘shni mamlakatlarga, birinchi navbatda, Pokiston va Eronga, balki Turkiya va Yevropaga ham ta'sir qilishi mumkin. Beqarorlikning kuchayishi ortidan vujudga keladigan xavfsizlik bo‘shlig‘idan foydalanib, radikal terroristik elementlarning Afg‘onistonda boshpana topish tahlikasi mavjud», deydi turk diplomatik manbalari.

Turkiya xavfsizlik manbalari aeroport xavfsizligini ta'minlash uchun Afg‘oniston hukumati bilan qilingan aloqa yetarli bo‘lmaydi, toliblarsiz buni amalga oshirish mumkin emas, degan fikrda: «Toliblar, ehtimol, mamlakatning yanada kattaroq qismlarini o‘z nazorati ostiga olishi mumkin. Oxir-oqibat, ularni tan olish, buning uchun yaratilishi kerak bo‘lgan asoslar va savdolashish kabi masalalar kun tartibiga chiqishi ehtimoldan xoli emas. Ushbu bosqichda nima bo‘ladi, qanday hukumat tuziladi – bu bir muammo».

AQShning mamlakatni tark etish qarori ortida toliblarga qarshi kurashda hatto NATO ojiz kelgani ham turibdi.

Xalqaro hamkorlik bo‘ladimi?

14 iyun kuni bo‘lib o‘tgan NATO sammitidan keyin o‘tkazgan matbuot anjumanida prezident Erdo‘g‘an AQSh va NATO bilan muzokara olib borgan maxsus guruh doirasida Pokiston va Vengriyadan ham yordam so‘raganliklarini aytdi.

«Biz Turkiyaning javobgarligi natijasida hosil bo‘lgan qo‘shimcha qiymatdan foydalanuvchi xalqaro hamjamiyat a'zolaridan ham zimmaga tushadigan yuklarni adolatli ravishda taqsimlashga hissa qo‘shishlarini kutmoqdamiz», deydi Turkiya diplomatik manbalari.

Ma'lumki, Turkiya toliblar bilan aloqa o‘rnatayotgan ayni damlarda Pokiston va Qatar ham faol.

«Tolibon»ga qarshi hatto AQSh ham hech narsa qila olmadi, biz ham qilmoqchi emasmiz. «Tolibon» buni amalga oshirib bo‘lmasligini 20 yil davomida ko‘rsatdi. Shuning uchun biz ular bog‘liq mamlakatlar bilan ham aloqadamiz», deydi Turkiya xavfsizlik xizmati xodimi.

Anqara bu borada Xitoy bilan ham hamkorlik qilishini aytmoqda.

Xitoy uzoq vaqtdan beri Afg‘oniston hukumati bilan ham, «Tolibon» bilan ham bevosita aloqada. Afg‘oniston hukumati bilan turli infratuzilma va energetik investitsiyalar bo‘yicha kelishuvlarga ega bo‘lgan Pekin ushbu mamlakatni Pokiston va Eron orqali dunyoga ochiladigan savdo yo‘llarining muhim qismi, deb biladi.

Shuningdek, Xitoyning «Tolibon» bilan «Al-Qoida»ga aloqador Turkiston Islom partiyasi a'zolarining Afg‘onistonda yashirinishiga yo‘l qo‘yilmasligi» haqidagi kelishuvi bor.

Asosan, uyg‘ur turklari yashaydigan Shinjon viloyati va Afg‘oniston o‘rtasida 8 kilometrlik chegara mavjud.

Xitoy matbuotida o‘tgan hafta «Tolibon» rasmiysi Suhayl Shahinning toliblar Xitoyni do‘st davlat deb bilishlari va uning Afg‘onistonga sarmoya kiritish bo‘yicha majburiyatini eng qisqa vaqt ichida bajarishi kutilayotganiga oid so‘zlari e'lon qilindi.

«Tolibon» Afg‘oniston hukumati bilan imzolangan bitimlar ular nazorat qilayotgan hududlarda ham amalga qilishini kutmoqda. Shahinning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» Shinjondan keladigan uyg‘ur turklarini Afg‘onistonga kiritmaydi. Shuningdek, «Al-Qoida» va boshqa guruhlarning chegarada Xitoyga qarshi hech qanday harakatni amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Do‘st mamlakat Xitoy agar o‘z sarmoyalarini kiritishda davom etsa, uning xavfsizligi ta'minlanadi.

Afg‘onistondagi askarlarga qo‘shimcha kuchlar yuboriladimi, AQSh og‘ir qurollar masalasida qo‘llab-quvvatlaydimi?

Xavfsizlik rasmiylarining ta'kidlashicha, AQSh armiyasi mamlakat hududidan olib chiqib ketish ko‘p xarajatlarga sabab bo‘lgani bois ko‘plab og‘ir qurollarni qoldirib ketmoqda. Biroq ushbu qurollarning qanchalik strategik ahamiyatga ega ekanligi va ulardan qanday foydalanish haqidagi tafsilotlar ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida muhokama qilinmoqda.

Aeroport xavfsizligini kuchaytirish uchun ayni paytda mamlakatda bo‘lib turgan askarlarning pozitsiyalarini o‘zgartirish masalasiga ham kelgusida amerikaliklar bilan o‘tkaziladigan muzokaralar doirasida oydinlik kiritilishi kutilmoqda.

Missiya Turkiya armiyasiga to‘liq topshirilguncha, ya'ni «ko‘chirish» jarayonida AQSh turkiyalik askarlar bilan ishlash uchun aeroportda taxminan 600 askarini qoldiradi.

Aeroport ishida birga ishlagan fuqarolik ishlari ekspertlari va til zarurati bois birgalikda faoliyat olib borgan mahalliy xodimlar ham o‘z vazifalarini davom ettiradi.

Turkiya diplomatik manbalarining ta'kidlashicha, ular xavfsizlik, logistika va moliyalashtirishdagi yuklarni taqsimlash bo‘yicha AQSh bilan muzokaralar olib borishmoqda. Prezident Erdo‘g‘an juma kuni qilgan bayonotida ushbu tafsilotlar bo‘yicha AQSh bilan kelishuvga erishilgani to‘g‘risida xabar bergandi.

Afg‘oniston hukumati bilan yozishmalar ham shundan so‘ng boshlandi.

Missiyada ishtirok etishi mumkin bo‘lgan boshqa mamlakatlar bilan ham Mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari doirasida aloqalar davom etmoqda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top