19:41 / 16.07.2021
12773

Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida o‘qishga kiritishini aytib, fuqarolardan pul olgan shaxslar ushlandi

Firibgarlardan biri 4500 dollar, ikkinchisi 5800 dollar, uchinchisi 10 000 dollar olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida o‘qishga kiritishini aytib, fuqarolardan pul olgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.J. boshqa bir fuqaroni O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya universitetiga yuqori lavozimda ishlovchi tanishi orqali o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 500 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departament va DXX Toshkent viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.Yo. boshqa bir fuqaroni o‘zining vakolatli tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali Qozog‘istondagi OTMga o‘qishga kiritib, 2-kursdan O‘zbekistondagi oliygohga ko‘chirib berishi evaziga fuqaro Sh.X.dan 5 800 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departament va DXX Farg‘ona viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona Davlat universiteti talabalari X.M. va Sh.T. yuqori lavozimli tanishlari orqali fuqaro M.B.ning o‘qishini xorij universitetidan FarDUga ko‘chirib berish hamda ikki kishini FarDUning sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, 10 000 dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, Farg‘ona shahridagi «S» o‘quv markazi o‘qituvchisi E.A. fuqaro M.B.ning o‘qishini xorij universitetidan ko‘chirib berish hamda ikki kishini o‘qishga kiritishni aytib, evaziga 8 000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168–moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top