14:41 / 17.07.2021
7299

Tokiodagi Olimpiya qishlog‘ida koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi

Avvalroq Yaponiyaga kelgan jamoalar sportchilari va a'zolarida koronavirus aniqlangan, ammo bu holatlar aeroportda yoki jamoalarning dastlabki joylashgan mehmonxonalarida qayd etilgandi.

Foto: AP

Tokiodagi Olimpiya qishlog‘ida yashayotganlar orasida koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Bu haqda o‘yinlar tashkiliy qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, xorijiy milliy jamoalardan birining a'zosi topshirgan test natijasi musbat chiqqan. Uning shaxsiga oid ma'lumotlar oshkor qilinmayapti.

«Tokio-2020» tashkiliy qo‘mitasi bosh kotibi Tosiro Mutoning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus har kunlik test natijasida aniqlangan.

Avvalroq Yaponiyaga kelgan jamoalar sportchilari va a'zolarida koronavirus aniqlangan, ammo bu holatlar aeroportda yoki jamoalarning dastlabki joylashgan mehmonxonalarida qayd etilgandi. Bevosita Olimpiya qishlog‘ida kasallik aniqlanishi ilk marta yuz bermoqda.

Hozirga qadar Isroil, Uganda va Serbiya sportchilarida hamda Nigeriya va Rossiya milliy jamoalariga yordamlashuvchi shaxslarda koronavirus aniqlangandi.

Tokioda Olimpiada o‘yinlari 23 iyuldan 8 avgustgacha bo‘lib o‘tadi. Tashkiliy qo‘mita o‘yinlarga tomoshabinlarni qo‘ymaslikka qaror qilgan.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Top