13:26 / 19.07.2021
243487

MMA jangchisi Murod Xonto‘rayev avtohalokatda vafot etdi

Chorvoq yo‘lida sobiq MMA jangchisi Murod Xonto‘rayev avtohalokatga uchrab vafot etdi.

Foto: Instagram / khanturaev_team

19 iyul kuni o‘zbekistonlik MMA jangchisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev avtohalokatga uchrab, vafot etdi. Bu haqda Toshkent viloyati IIB axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov xabar berdi. 

U Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘z boshqaruvidagi «BMW X5» avtomashinasida avtohalokatga uchragan.

Mazkur YTH yuzasidan IIV Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati ham ma'lumot berdi.

«2021 yilning 19 iyul kuni soat 11:30 larda, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan «Lacetti» hamda «BMW X5» rusumli avtomobillar ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida «BMW X5» rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan.

Natijada, «BMW X5» rusumli avtomobil haydovchisi, 1987 yilda tug‘ilgan M.X. voqea joyida vafot etgan va ushbu avtomobil yo‘lovchisi tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi rasmiy xabarda.

Xonto‘rayev 1987 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U o‘zining MMAdagi professional faoliyatini 2013 yilda boshlagan, xalqaro arenalarda natija ko‘rsatib, «Osiyo ayig‘i» laqabi bilan mashhur bo‘lgan. U jami 15ta jang o‘tkazib, shundan 12tasida g‘alaba qozongan, uchta jangda mag‘lub bo‘lgan, yana bir jang natijasi bekor qilingan.

Top