17:29 / 20.07.2021
51206

Internet tezligi rekordi yangilandi

Yaponiyada simli internet tezligi rekordi yangilandi. Interesting Engineering nashrining ta'kidlashicha, internet tezligini soniyasiga 319 terabitgacha tezlashtirishga muvaffaq bo‘lingan.

Foto: Getty Images

Rekord o‘rnatilgani optik-tolali aloqa bo‘yicha xalqaro anjumanda ma'lum qilindi. Anjumanda taqdim qilingan hisobotda muhandislar simli internet tezligini 319 terabit/soniyaga yetkazishgani aytilgan. Avvalgi rekord 2020 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, o‘shanda mutaxassislar internet tezligini soniyasiga 178 terabitga yetkazishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Yangi rekord umumiy uzunligi 3 ming kilometrdan oshuvchi optik-tolali tarmoqda o‘rnatilgan.

Hisobotda ta'kidlanishicha, rekord tezlikka mavjud infratuzilmada erishilgan. Internet tezligini bunday yuqori tezlikka oshirish uchun infratuzilmada kichik modernizatsiyani amalga oshirish yetarli bo‘ladi.

Avvalgi tezlik rekordi 2020 yil avgustda britaniyalik olimlar tomonidan o‘rnatilgan. Olimlar optik-tolali tarmoqning o‘tkazish qobiliyatini kengaytirish hisobiga rekord ko‘rsatkichga erishganlar. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, 178 terabit/soniya tezlikda Netflix onlayn-kinoteatrining butun filmotekasini bir soniyadan kamroq vaqt ichida ko‘chirib olish mumkin.

Top