21:01 / 21.07.2021
28900

Xitoyda «ming yilda bir keluvchi» yomg‘irlar tufayli suv toshqinlari. Metro suvga to‘ldi, 25 kishi halok bo‘lgan

Markaziy Xitoyda kuchli yomg‘irlar suv toshqinlari keltirib chiqardi. Jengjou shahrida metro suv ostida qoldi. Vagonlarga suv kirgach, yo‘lovchilar bo‘g‘ilib o‘lmaslik uchun o‘rindiqlarga chiqib olib tik turishgan.

Jengjouda suv bosgan yo‘ldagi odamlar / AFP / Scanpix / LETA

Xitoy markazidagi Henan provinsiyasining katta qismida so‘nggi kunlarda yog‘gan yomg‘irlar tufayli suv toshqinlari yuzaga keldi.

17 iyul kuni kechqurundan 20 iyulgacha provinsiya ma'muriy markazi Jengjouga 617,1 millimetr hajmda yog‘ingarchilik tushdi, o‘rtacha yillik ko‘rsatkich esa — 640,8 millimetr. Xitoy nashrlari meteorologlarga asoslangan holda, uch kunda bunday hajmdagi yog‘in yog‘ishi «ming yilda bir kuzatilishi» haqida yozishgan. Qayd etilishicha, Jengjouda kunlik va soatlik yog‘in miqdorlari bo‘yicha tarixiy maksimumlar qayd etilgan.

20 iyul kuni Jengjoudagi metroning besh liniyasi suvga to‘lgan, so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 25 nafarni tashkil etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda metroda olingan videolar tarqalgan, videotasvirlarda odamlar vagonda ko‘kragigacha loyqa suvda turganini ko‘rish mumkin.

Qutqaruv ishlariga o‘t o‘chiruvchilardan tashqari armiya ham jalb etildi. Metrodan 500ga yaqin kishi qutqarib olingan. Qutqaruvchilar yo‘lovchilarni suvga to‘lgan tunnellar orqali evakuatsiya qilishgan.

Kuchli yomg‘irlar Henan provinsiyasidagi daryolarda suv sathi ko‘tarilishiga olib kelgan. Suv toshqinlari tufayli ko‘plab avtomagistrallar yopilgan, poyezdlar harakati to‘xtatilgan, aviareyslar bekor qilingan yoki kechiktirilgan.

Ko‘plab shaharlarda yo‘llar suv ostida qolgan, avtomobillar suvda oqmoqda. Jengjou g‘arbidagi suv to‘g‘onida 20 metrlik yoriq paydo bo‘lgan, rasmiylar ushbu to‘g‘on butunlay buzilib ketishidan xavotir olishmoqda. 12 million kishi yashaydigan Jengjoudan kamida 100 ming kishi evakuatsiya qilingan. Henan provinsiyasida kuchli yomg‘irlar yana uch kun davom etishi prognoz qilingan va vaziyat yanada og‘irlashishi kutilmoqda.

  • So‘nggi kunlarda sayyoraning turli nuqtalarida ekstremal ob-havo sharoitlari kuzatilmoqda. Yevropada kuchli suv toshqinlari ro‘y berishi oqibatida Germaniya va Belgiyada 200ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Yoqutistonda o‘rmon yong‘inlari 1,5 million gektardan ortiq maydonni qamrab olgan, 100ga yaqin kishi jarohatlangan. AQSh g‘arbidagi 13 shtat va Kanadada ham o‘rmon yong‘inlari avj olgan.
Mavzu
Iqlim o‘zgarishlari
Iqlim o‘zgarishlari natijasida Yer yuzining turli nuqtalarida ekstremal ob-havo kuzatilmoqda.
Barchasi
Top