10:52 / 22.07.2021
6457

Xitoy koronavirus kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha JSST bilan keyingi hamkorlikdan bosh tortdi

Foto: Reuters

Xitoy koronavirusning kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha tergovning JSST taklif qilayotgan ikkinchi bosqich hamkorligidan bosh tortdi. Bu haqda Xitoyning sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Tszen Isin ma'lum qildi. Pekinning fikricha, tergov rejasi fan va teran fikrlashga hurmatsizlik hisoblanadi.

“Tergovning ikkinchi bosqichini o‘tkazish taklifida fan va teran fikrlashni hurmat qilmaydigan jihatlar bor. Biz bu rejaga amal qilmaymiz. Xitoy hukumati ilmiy yondashuvga asoslangan tergov o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz virus kelib chiqishining siyosiylashtirilishiga qarshimiz”, deb aytgan Isin matbuot anjumanida. Uning ta'kidlashicha, tergovning ikkinchi bosqichi birinchi bosqich xulosalariga asoslangan bo‘lishi lozim.       

Koronavirus tarqalishiga sababchi bo‘lishda gumonlanayotgan Uhan virusologiya instituti virusni sun'iy tarzda olmaganini ta'kidlamoqda. Institut xodimi, bioxavfsizlik milliy laboratoriyasi direktori Yuan Chjiminning aytishicha, 2019 yil dekabr oxirigacha institut “koronavirusga to‘qnash kelmagan va uni o‘rganmagan” hamda hanuzgacha institutning biror xodimi yoki talabasi koronavirusga chalinmagan. “2019 yil 31 dekabrgacha institut koronavirusga to‘qnash kelmagan va uni o‘rganmagan. Institut hech qachon koronavirusni sintez qilmagan, yaratmagan yoki uning sizib chiqishiga yo‘l qo‘ymagan. Uchinchidan, birorta xodim yoki talaba hanuzgacha koronavirusga chalinmagan”, deb aytgan Chjimin brifingda. Uning ta'kidlashicha, virus sun'iy tarzda olingani yoki laboratoriyadan chiqib ketganining birorta isboti yo‘q.

JSST iyunda koronavirus kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha tergovning ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma'lum qilgan. O‘tgan hafta JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus koronavirus laboratoriyadan chiqib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Uning ta'kidlashicha, Xitoyning bu masalada hamkorlik qilishi “hal qiluvchi ahamiyatga ega”.

Mart oyida JSST mutaxassislari Uhanga tashrifi natijalariga ko‘ra, virusning manbasini aniqlay olishmaganini ma'lum qilishgan. O‘shanda ekspertlar virus laboratoriyada olingani ehtimoli ozligini aytishgan. Biroq may va iyun oylarida AQSh matbuotida koronavirus Uhandagi laboratoriyadan chiqib ketgani alomatlari mavjudligi haqida materiallar paydo bo‘la boshlagan. Shundan keyin AQSh prezidenti Jo Bayden razvedkadan koronavirus kelib chiqishi bo‘yicha ma'lumotlar to‘plashni kuchaytirishni talab qilgan.

Top