15:56 / 23.07.2021
8393

Mutaxassis bo‘lmaganlar aholini chalg‘itmoqda - Nurmat Otabekov vaksinatsiya jarayoni sust kechayotgani haqida

Shu kungacha O‘zbekiston aholisining 1 mln 31 ming nafari, yoki emlanuvchilarning 4,9 foizi to‘la emlab bo‘lindi. Bitta emlash punkti bir kunda 70 kishini emlashi mumkin bo‘lgani holda 19 kishini emlayapti.

Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlarida koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov «COVID-19ga qarshi vaksinalarning aholi salomatligiga ta'siri» mavzusidagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

«Dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 194 milliondan oshdan, 4 milliondan ortiq bemor vafot etdi. Albatta, bir qarashda bular bir raqam. Ammo bu raqamlar ortida juda ko‘pchilikning fojiasi yotibdi. Vaziyat zinhor yumshayotgani yo‘q. O‘zbekistonda ham koronavirusga chalinganlar soni ortib boryapti.

Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlarida ahvol og‘ir. 1 apreldan boshlab emlash amaliyoti tatbiq etildi. Shu paytga qadar 9,8 mln doza vaksina olib kelindi. Shundan 8,5 mln dozasi O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida ishlab chiqarilgan vaksinadir.

Bu vaksinalar tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. JSST tomonidan o‘zbek-xitoy va «Sputnik V» vaksinalarini favqulodda holatlarda qo‘llashga ko‘rsatma berilgan. AstraZeneca vaksinasi esa JSST tomonidan ro‘yxatga olingan.

Shu kungacha O‘zbekiston aholisining 1 mln 31 ming nafari, yoki emlanuvchilarning 4,9 foizi to‘la emlab bo‘lindi. Afsuski, bitta emlash punkti bir kunda 70 kishini emlashi mumkin bo‘lgani holda 19 kishini emlayapti. Bunga soha mutaxassislari bo‘lmaganlarning axborot tarqatish imkoniyatidan foydalanib, aholini chalg‘itayotgani asosiy sabab bo‘layotganini aytish lozim.

Yagona yo‘limiz aholini emlash orqali kasallikni yengish ekanligini JSST takror-takror aytyapti», deya Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Maxsus komissiya vakili majburiy emlanishi belgilangan 14 toifa vakillari vaksina olishga rozi bo‘lmasa, ularga qanday chora ko‘rilishi bo‘yicha savolga javob berdi.

«Maxsus komissiya tomonidan 14 toifa shaxslar emlanishi shart qilib qo‘yilganidan keyin bunga rioya qilmaganlarga qanday chora ko‘rilishi bo‘yicha o‘rganish uchun Adliya vazirligiga topshiriq berildi.

Lekin hozirdanoq bir narsani aytib o‘tish lozim – kimdir emlanuvchi toifaga kirsa-yu emlanmasa, u odam jamoat joyiga chiqmay turadi. Deylik u sartarosh bo‘lsa, odamlar bilan muloqotni to‘xtatadi, uyiga boradi va epidemik vaziyat barqarorlashgunicha odamlarga qo‘shilmay turadi», dedi Otabekov.

Top