12:31 / 24.07.2021
18573

O‘zbekistonlik ikki tennischi diskvalifikatsiya qilindi. Ulardan biri musobaqalardan umrbod chetlashtirildi

O‘zbekistonlik ikki tennischi - Temur Ismoilov va Amal Sultonbekovlar kelishilgan o‘yinlarda qatnashgani uchun diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda Tennisda halollikni ta'minlash bo‘yicha xalqaro agentlik (ITIA) xabar bermoqda.

Diskvalifikatsiya muddati 21 iyuldan kuchga kirdi. Qayd etilishicha, gap 2019 yilgi turnirlardan birida ro‘y bergan kelishilgan o‘yin haqida ketmoqda.
 
Temur Ismoilov tennis bo‘yicha musobaqalardan umrbod chetlashtirildi va 14 ming dollar miqdorida jarimaga tortildi, Sultonbekov esa 2021 yil 21 iyuldan 2026 yil 21 iyulgacha chetlashtirildi va 8 ming dollar miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi. Ushbu sportchilarning har qanday tennis musobaqalarida qatnashishi yoki ularga tashrif buyurishi taqiqlanadi. 

Ma'lumot uchun, Temur Ismoilovning ATP reytingi eng yuqori ko‘rsatkichi 397-o‘rin bo‘lgan, Sultonbekovda esa - 1886-pog‘ona.

Mavzuga oid
Top