10:55 / 24.07.2021
6659

Xorijdagi barcha o‘zbekistonliklar prezident saylovida ovoz berishi mumkin – MSK

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning ma'lum qilishicha, ilgari faqat O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida konsullik ro‘yxatida turgan fuqarolargina saylovlarda ovoz berish huquqiga ega bo‘lishgan bo‘lsa, hozirda bu norma bekor qilingan.

«Xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston fuqarolarining prezident saylovida ovoz berish huquqini ta'minlash Saylov kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bu borada ko‘plab yangiliklar mavjud. Jumladan, xorijda ovoz berish jarayonini tashkil etish borasida ham qator o‘zgarishlar mavjud.

Ilgari faqat O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida konsullik ro‘yxatida turgan fuqarolargina saylovlarda ovoz berish huquqiga ega bo‘lishgan bo‘lsa, hozir ushbu norma o‘zgargan. Ya'ni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblangan, mamlakat hududidan tashqarida bo‘lgan istalgan saylovchi xorijda tashkil etilgan saylov uchastkasiga kelib ovoz berishi mumkin. Bunda ularning konsullik ro‘yxatida turishi haqidagi talab bekor qilingan.

Chet davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari konsullik ro‘yxatida o‘z vaqtida turish-turmasligidan qat'i nazar biz ularning huquqlarini ta'minlashga majburmiz.

Shu bilan birga, fuqarolarimiz ayni paytda mehnat qilayotgan ayrim davlatlarda O‘zbekiston Respublikasining vakolatxonalari bo‘lmasligi, ba'zi mamlakatlarda esa ular juda olis shaharlarda bo‘lishi mumkin. Bunday sharoitda ovoz berish jarayoni ushbu fuqarolar yashab turgan joyga borish orqali tashkil etiladi. Ushbu o‘zgarishlarning barchasi bugungi kunda Saylov kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan», deya Bahrom Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Saylov kodeksining 10-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Bu uchastkalar ular joylashgan yerdagi saylov okruglariga kiradi. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

2021 yil 8 fevraldagi 670-sonli qonunga asosan Saylov kodeksiga kiritilgan 27-1-moddada keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro‘yxatlari mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar asosida tuziladi.

Chet davlatlarda turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovdan o‘n besh kun oldin yozma shaklda yoki O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi. Agar ro‘yxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib bo‘lgan bo‘lsa, ovoz berish tugaganini istalgan vaqtda e'lon qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekistonda prezidentlik saylovlariga rasman start berildi. Saylov joriy yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Saylovchilar prezidentlikka nomzodlar kimligini saylovga qirq besh kun qolgunga qadar bilib olishadi.

Top