13:57 / 27.07.2021
1281

Samarqand viloyatida 15 kunda yer va suvdan foydalanishda 264 ta qonunbuzilish holatlari qayd etildi

Samarqand viloyatida joriy yilning 1-15 iyul kunlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida yer va suvdan foydalanishda 264 ta qonunbuzilish holatlari qayd etilgan. Bu haqda «O‘zagroinspeksiya»ning viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, «O‘zagroinspeksiya»ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan 2021 yil iyul oyining dastlabki 15 kunida 649 marta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 264 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Qonunbuzilish holatlari yuzasidan 176 ta ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 400 ta ogohlantirish berilgan. 79 ta holat bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berilgan, 9 ta holat yuzasidan taqdimnoma kiritilgan. Ushbu taqdimnomalarga asosan, 2 nafar fuqaroga nisbatan intizomiy jazo chorasi belgilangan.

Qayd etilishicha, inspeksiya organlari tomonidan 161ta holatda vakolat doirasida ma'muriy ishlar bo‘yicha qarorlar qabul qilingan. 15ta qonunbuzilish holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar, qonuniy qarorlar qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, 15 ta holatda sudlarga yuborilgan.

Xususan, inspeksiyaning Ishtixon tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan 111 nazorat tadbirlarining 54 tasida, Urgutda 69 ta nazorat tadbirlarining 47 tasida, Narpayda 33 tadan 23 tasida hamda Past Darg‘omda 38 ta nazorat tadbirlarining 17 tasida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Ma'lumot uchun, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarmaslik, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va boshqarish yuzasidan belgilangan normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etmaslik holatlari yuzasidan MJtKning tegishli moddalariga asosan, jazo chorasi belgilangan.

Top