13:21 / 27.07.2021
1672

Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni o‘qishga kiritishni aytib pul olgan talabalar ushlandi

Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib pul olgan talabalar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali talabasi I.E. ushlangan. U fuqaro A.ning ishonchiga kirib, uni ushbu universitetga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 54 million so‘m olgan vaqtda qo‘lga olingan. Uning ko‘rsatmasiga asosan tadbir davom ettirilib, I.E.ning sherigi yana bir talaba O.X. 42,4 million so‘m olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, departament hamda DXX Farg‘ona viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.A. va uning sherigi Namangan davlat universiteti talabasi I.P. ushlangan. Ular fuqaro Sh.ni Qirg‘izistondagi universitetlardan biriga Iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiritish va 1-bosqichni tamomlaganligi haqida ma'lumotnoma tayyorlatib berish evaziga 2 500 AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top