15:26 / 28.07.2021
13374

Tojikiston prezidentining jiyanlari sog‘liqni saqlash vazirini kaltaklagani aytildi

Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullazoda

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning singlisi Qurbonbibi Rahmonova 20 iyul kuni 64 yoshida koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘sha kuni onasining vafotini eshitgan Tojikiston prezidentining Faxriddin, Farrux va Ziyodulla Safarov ismli jiyanlari mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullazodani kaltaklagan. Imomali Rahmonning singlisi koronavirus yuqtirib olgach, prezident apparati qoshidagi kasalxonada davolanayotgan bo‘lgan. Qurbonbibi Rahmonovani davolash uchun Germaniya, Rossiya va O‘zbekistondan maxsus shifokorlar guruhi chaqirtirilgan. Ular bemor vafotidan ikki soat oldin mahalliy shifokorlarning davolash uslublari xato bo‘lganini aytishgan.

Bu gapni eshitgan bemorning uch o‘g‘li onasiga qaragan shifokorlar guruhi a'zolari va Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullazodani kaltaklashgan. Vazir jag‘idan kuchli zarba yegani aytilmoqda. Shuningdek, kasalxona rahbari boshidan jarohat olgan. Shifokorlar ham yengil lat yegan. Aka-ukalarni Dushanbe meri, Imomali Rahmonning o‘g‘li Rustam Imomali tinchlantira olgan.

Jamoliddin Abdullazoda ushbu voqeadan keyin AQShdan 1,5 million doza Moderna vaksinasi olib kelinishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etmagan. Uning o‘rnida qatnashgan o‘rinbosari Shodixon Jamshed vazir mamlakatdan tashqarida xizmat safarida bo‘lib turganini aytgan. U Abdullazoda kaltaklangani haqidagi gaplarni uydirma deb atagan.

Ma'lum bo‘lishicha, Tojikiston IIV holat yuzasidan surishtiruv olib bormoqda. Qurbonbibi Rahmonova 21 iyul kuni Tojikistonning Dang‘ara tumanida dafn etilgan.

Top