19:42 / 29.07.2021
29796

Shomurodov «Roma»ga o‘tmoqda. Bu hujumchi uchun yaxshimi?

O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Italiyadagi yurishini davom ettirmoqda va yaqin vaqtlar ichida dunyoning eng sovrindor murabbiylaridan biri boshqaruvidagi «Roma» klubi a'zosiga aylanishi kutilmoqda.

Foto: Getty Images/Marco Canoniero

 «Roma» «Jyenoa»dan katta

 Shubhasiz, garchi ayni chempionat va ayni raqiblarga qarshi harakat qilinsa-da, kuchliroq jamoa safida to‘p surish hujumchimiz uchun foydaliroq bo‘ladi. Birinchidan, «Jyenoa»dan farqli o‘laroq «Roma» aksariyat o‘yinlarni o‘zidan kuchsizroq jamoalarga qarshi o‘tkazadi va tabiiyki, bunday holatda Eldorda to‘p bilan muomala qilish, paslarga ochilish va qabul qilish, hamda gol urish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi.

Ikkinchidan, turnir e'tibori bilan ham «Roma» kattaroq maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan va kamida yevrokuboklar uchun kurashadigan jamoa hisoblanadi. Umuman, Yevropadagi nufuzi, Rim shahri, «Latsio» yoki boshqa top-klublar bilan munosabati, muxlislari va bosim nuqtayi nazaridan «Roma» – Shomurodov uchun mutlaqo yangi va kattaroq chaqiriq.

Uchinchidan, «Jyenoa»da Eldorning eng taniqli jamoadoshi Pandev edi, «Roma»da esa,nomlar ancha katta va ko‘p. Jyeko, Patrisiu, Kristante, Florensi, Mxitaryan, Al Sha'roviy, Veretu, Dzanolo, Smolling, Pedro, Pastori va Mayoral kabi futbolchilar bilan birga to‘p surish Shomurodovga yangi tajriba, yanada o‘sish uchun imkoniyat bo‘lishi tabiiy.

Yangi murabbiy oldiga kelmoqda

Shomurodovning transferi «Roma»da yangi murabbiy bilan bir mavsum arafasida sodir bo‘layotgani ham foyda bo‘lishi mumkin. U tayyor shakllangan va ma'lum darajada bir-biriga o‘rgangan jamoaga chetdan qo‘shilib ketish vazifasi bilan bormaydi. Ayni paytda murabbiy uchun Shomurodov ham boshqa futbolchilar bilan teng nomzod sifatida qaraladi.

Bu omil hujumchining o‘zini ko‘rsatish va kuchini isbotlash vazifasini biroz osonlashtirishi mumkin. Murabbiy yangi jamoaga kelib, qo‘l ostidagilarning imkoniyatlarini chamalab, eng maqbul taktika va uslub ustida ishlayotganda, tabiiyki, Shomurodovga ham alohida e'tibor beriladi, uning ustunliklari va kamchiliklari borasida jiddiy qaraladi. Shunchaki, yangi futbolchi sifatida mashg‘ulotlar va o‘yinda berilgan daqiqalarda kimnidir o‘rniga chiqib, o‘zini ko‘rsatish talabi qo‘yilmaydi.

Joze Mourino omili

Mourino futbol olamida har qancha tanqid qilinib, faoliyati yildan yilga pastga qarab ketayotgan bo‘lmasin, baribir yuqori saviyali murabbiy bo‘lib qolaveradi va Shomurodovning «Jyenoa»dan aynan Mourino qo‘l ostiga kelishi ayni muddao bo‘lishi mumkin.

Aslida Mourinoning saviyasi haqidagi mulohazalar ancha bahsli, zero uning muvaffaqiyatsizliklari Angliyada, juda kuchli murabbiylar va ijrochilar fonida, katta bosim ostida ro‘y berdi. Bunday shartlarda A Seriyani top-murabbiy sifatida tark etgan Sarrida ham hammasi ko‘ngildagidek bo‘lmagandi. Spalletti, Pioli kabi murabbiylar eskirmagan, Konte istaganini qila oladigan, Manchini esa, qaytadan top-murabbiyga aylanadigan Italiya futbolida Jozening uslublari ish berishi ham mumkin.

Bundan tashqari, Jozening eng yaxshi yillarida Drogba, Milito, Kosta, Lukaku, Keyn kabi tipdagi hujumchilar muvaffaqiyatli to‘p surgan. Shomurodovni ularning har biriga o‘xshatish, ularning umumiy jihatlarini topish mumkin.

Umuman, Joze Mourino ijrochilarni jamoaviy uslubga moslashtirish emas, futbolchilarning individual ustunliklarini yuzaga olib chiqqan holda, ulardan foydalanishni yaxshiroq eplay oladi. Mourino o‘yin qurish borasida muammolarga uchrayotgandir, ammo yaxshi seleksioner bo‘lib qolaveradi. Agar u Shomurodovni kuzatgan va uning transferiga o‘z roziligini bildirgan bo‘lsa, demak bu hamkorlikdan nimadir chiqishiga ishonish mumkin.

Uslub

Yuqorida «Roma»ning A Seriya yetakchilaridan biri ekani Shomurodovga «Jyenoa»dan ko‘ra ko‘proq imkoniyatlar taqdim etishini aytib o‘tdik. Buni raqamlar orqali ham qarab chiqish mumkin.

Masalan, agar maydonni uchta teng qismga bo‘lsak, 2020/21 yilgi mavsumda «Roma» umumiy vaqtning 29 foizini hujumda o‘tkazgan. Rimliklar bu borada A Seriyada faqat «Napoli» va «Atalanta»dan ortda qoladi, xolos. «Jyenoa» esa bu borada atigi 24 foizlik ko‘rsatkich qayd etgan – Ligada faqat «Krotone»dan yaxshiroq, xolos.

Eldor Shomurodovning asosiy ustunliklaridan biri bosh bilan o‘ynash ekani sir emas. «Jyenoa» jarima maydoniga yuqorilatib to‘p oshirishlar (kross) bo‘yicha A Seriyada 19-o‘rinda edi. Tabiiyki, bu uslub Eldorga bor salohiyatidan foydalanish imkoniyatini bermagan. «Roma» bu borada 10-o‘rinda, ammo 90 daqiqa davomida bosh bilan darvozaga berish bo‘yicha 2.2 ko‘rsatkich bilan chempionat yetakchilaridan biridir. «Jyenoa» o‘rtacha 1.2 zarba bilan yana oxirgi o‘rinda. Standartlardan «Roma» o‘tgan mavsumda 10ta gol urgan bo‘lsa, «Jyenoa»da bu raqam atigi 3taga teng.

Umuman, «Roma» himoyadan hujumga o‘tish tezkorligi (4-o‘rin), qanotlardan foydalanish (6-o‘rin), bosh bilan o‘ynash va standartlar bo‘yicha ham, Shomurodovning salohiyatini ochishda ayni muddao bo‘lishi mumkin. Joze Mourino ham deyarli shunga yaqin uslubni tanlashi va Shomurodov uning davrida transfer qilinayotganiga yana bir bor urg‘u bersak, vaziyatga optimal boqish uchun asoslar yetarlidek tuyuladi.

Xulosa

Faqat yaxshi tomonlari haqida fikr yuritilayotgani balki erish tuyular, ammo har qanday transfer ham yangi oila qurish jarayoniga o‘xshaydi – hamma yaxshi niyatda, hammasi umid va orzular bilan boshlanadi. Yuqorida «Roma»ning Eldorga qay tariqa mos kelishi mumkinligi haqida yozdik, aslida yana bir muhim faktorni, hujumchimizning mana shunday chaqiriqlarga qay darajada tayyor bo‘la olishini ham unutmaslik kerak.

U «Rostov»ga bordi, uzoq vaqt ishonch bildirilmaganiga qaramay, shug‘ullanishda davom etdi. Qachonki, klub unga muhtoj bo‘lganida, imkoniyatdan foydalandi, RPL yulduziga aylana oldi. Terma jamoada Kuper uni BAAga asosiy hujumchi sifatida olib ketmagandi. O‘yin qovushmay turganida, Ummonga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, barchasini isbotladi. To bugungacha milliy jamoamizning yetakchi hujumchisi bo‘lib kelmoqda.

«Jyenoa» yaxshi pulga sotib olganiga qaramasdan, murabbiy ko‘proq boshqa hujumchilarga e'tibor qarataverdi. Eldorni bu sindirmadi, Yevropadagi ilk oylari bo‘lishiga qaramasdan, vaziyatga yevropacha qaradi, o‘z paytini poyladi. Imkoniyat berilganda, gollari bilan aslida qanday hujumchi ekanini endi nafaqat Genuya, balki Rimga ham ko‘rsata oldi.

Bunday futbolchilar Jozega doim yoqib kelgan.

Qahramon Aslanov

Top