23:35 / 29.07.2021
11729

Yong‘inlar, suv toshqinlari va anomal sovuq – dunyo tabiiy ofatlar iskanjasida qoldi

Bugungi kunda dunyo iqlim o‘zgarishining oqibatlari bilan yuzma-yuz kelmoqda. Yevropada suv toshqinlari va o‘rmon yong‘inlari avj olgan bo‘lsa, Afrika janubi va Braziliyada anomal sovuq ob-havo hukmronlik qilmoqda.

Ushbu haftada Turkiyaning eng ommabop kurortlari - Antalya, Marmaris va Bodrumni o‘rmon yong‘inlari qurshab oldi. Olov shu darajada yaqin kelganidan mehmonxonalarda evakuatsiya ishlari olib borilmoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, o‘rmon yong‘inlari oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, 183 kishi jabrlangan. Olov 20dan ortiq uy va fermalar, yuzlab avtomobillarni yo‘q qilgan.

Ma'lumot berilishicha, jonivorlar yong‘in hududida qolib ketmoqda. Turkiya prezidenti ma'muriyati vakilining so‘zlariga ko‘ra, 150 bosh qoramol va minglab kichik shoxli qoramollar olov ichida halok bo‘lgan.

Gretsiya ham olov qurshovida qolgan. O‘t o‘chiruvchilar Afina shimoli va Axaiya regionida yong‘inlar bilan olishmoqda.

Xabar qilinishicha, Yelekistra va Soulida kamida oltita uy kuyib kul bo‘lgan. Ushbu hududdagi to‘qqizta qishloq aholisi evakuatsiyaga tayyor turish to‘g‘risida ogohlantirilgan. Ikki kishi jabrlangan.

O‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq eng murakkab vaziyatlardan biri Yoqutistonda kuzatilmoqda. Bu yerda iyun oxirida favqulodda vaziyat rejimi joriy etilgandi. Respublikada 1,5 mln gektardan ortiq o‘rmon yonmoqda. Yoqutiston hududida 200dan ziyod yong‘in o‘chog‘i qayd etilgan.

Hozirda Magadan, Chukotka va Kamchatka ham olov iskanjasida qolgan. Ekspertlar yong‘inlar Markaziy Sibirga yetib kelishi mumkin deb hisoblamoqda.

AQSh g‘arbida ham vayronkor yong‘inlar avj olgan. O‘rmon yong‘inlari 12ta shtat hududini qamrab oldi. Mamlakatda jami 85ta yong‘in o‘chog‘i qayd etilgan. O‘t o‘chiruvchilar ularning yarmini nazorat ostiga olgan. Yong‘inlarga anomal jazirama issiq va qurg‘oqchilik sabab bo‘lgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan oy oxirida Kanadada yuz bergan o‘rmon yong‘inlarining tutuni hali ham dunyo bo‘ylab aylanib yuribdi.

Tabiiy ofatlarning yana biri suv toshqinlaridir. Anomal yomg‘irlar butun Yevrosiyoda suv toshqinlarini keltirib chiqardi.

Afg‘oniston sharqida joylashgan Nuriston viloyatida yuz bergan toshqinlarda kamida 150 kishi halok bo‘ldi.

20 iyul kuni Xitoyning Jengjou shahrida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida suv toshqinlari sodir bo‘ldi, so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 25 nafarni tashkil etmoqda.

Hindistonning Goa va Maharashtra shtatlarida ro‘y bergan keng ko‘lamli suv toshqinlaridan keyin minglab binolar vayron bo‘ldi, Maharashtrada 136 kishi tabiiy ofat qurboniga aylangan.

Belgiyada 14–16 iyul kunlari yuz bergan toshqinlar 10 mlrd yevrodan ko‘proq zarar yetkazgan, toshqinlar vaqtida halok bo‘lganlar soni 32 nafarni tashkil qilmoqda. Yana 18 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Shuningdek, 10 mingdan ko‘proq uyga zarar yetgan, 1,5 mingga yaqin uy suv, 10,5 ming uy elektr va gaz ta'minotisiz qolgan.

G‘arbiy Germaniyada minglab odamlar suv toshqinlari sabab uylarini tark etdi, 100 mingdan ortiq kishi elektr ta'minotisiz qoldi. Tabiiy ofatning asosiy zarbasi Germaniyaning g‘arbiy hududlariga to‘g‘ri keldi — Reynland — Pfals va Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerlariga. Birinchisida, mahalliy rasmiylarning ma'lumotlariga ko‘ra, 90ga yaqin kishi halok bo‘lgan, ikkinchisida — 43 kishi.

Shu bilan birga, janubiy yarimsharda anomal sovuq havo hukmronlik qilmoqda. Hozirda qish fasli bo‘lgan Janubiy Afrika Respublikasining markaziy qismida rekord darajada past harorat qayd etildi. 24 iyulga o‘tar kechasi Kimberli shahri va uning atrofida harorat minus 9,9 darajani tashkil etgan. Bu JARdagi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng past harorat hisoblanadi.

28 iyul kuni Braziliyaga sovuq harorat kirib keldi. Santa-Katarina shtatining 10dan ortiq shahrida qor yog‘di. Riu-Grandi-du-Sul shtatida esa 30ta shaharda qor yog‘ib, harorat noldan pasayib ketdi. Braziliyadagi eng past harorat San-Joakim shahrida qayd etildi: minus 7,8 daraja.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden global isish dunyoda yangi nizolarga sabab bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Mavzu
Iqlim o‘zgarishlari
Iqlim o‘zgarishlari natijasida Yer yuzining turli nuqtalarida ekstremal ob-havo kuzatilmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top