15:20 / 30.07.2021
8378

Shomurodov dushanba kuni «Roma» bilan shartnoma imzolaydi

O‘zbekiston terma jamoasi va «Jyenoa» hujumchisi Eldor Shomurodov faoliyatini «Roma»da davom ettirishi tobora oydinlashmoqda.

Jurnalist Janluka Di Marsioning yozishicha, tomonlar transfer masalasi to‘liq hal qilingan.

«Roma» o‘zbekistonlik futbolchini keyingi yozda 17,5 mln yevroga sotib olish huquqi bilan ijaraga oladi. Bu qiymat bonuslar hisobiga (+2,5 mln yevro) 20 mln yevroga yetishi ham mumkin. Shuningdek, Genuya klubi 26 yoshli hujumchining keyingi transferidan 10 foizlik ulush oladi. 

Futbolchi dushanba kuni Rimga uchib boradi va shartnoma imzolaydi. 

Avvalroq Eldor «Roma» bilan 2026 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolashi haqida xabar berilgandi. Agar «Roma» kelasi mavsumda Chempionlar Ligasiga chiqsa, shartnomadagi futbolchini sotib olish bandi faollashishi aytilgandi.

2017 yilda «Bunyodkor»dan «Rostov»ga yo‘l olgan hujumchi 2019/2020 yillar mavsumida Rossiya chempionatida yorqin o‘yin namoyish etdi va 2020/21 yilgi mavsum boshida «Rostov»dan 7,5 million yevro evaziga «Jyenoa»ga o‘tgandi. Yakunlangan mavsumda ushbu forvard A Seriyada 31ta o‘yinda maydonga tushib, 8 gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Top