21:12 / 05.08.2021
6029

Ibrohim Raisiy Eron prezidenti sifatida qasamyod keltirdi

5 avgustda Eronning yangi prezidenti Ibrohim Raisiyning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Raisiy parlamentda mamlakatning 8-prezidenti sifatida qasamyod keltirdi.

Inauguratsiya marosimida mamlakatning qonunchilik va sud hokimiyati organlari rahbarlari, yuqori lavozimli mansabdor shaxslar va harbiylar hamda 73ta davlat va xalqaro tashkilotlarning 115ga yaqin vakili ishtirok etdi.

Avvalroq marosimda 10ta davlat prezidenti, 20ta davlat parlamenti spikeri, 11 nafar tashqi ishlar vaziri, 11ta xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, BMT bosh kotibi vakili, Yevropa ittifoqi, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, Parlamentlararo ittifoqning rasmiy shaxslari ishtirok etishi ma'lum qilingan.

Raisiy prezident sifatida o‘ziga yuklangan majburiyatlarni bajarish uchun bor imkoniyatni ishga solishga va'da bergan.

Siyosatchi saylovoldi kampaniyasi vaqtida nochorlik va korrupsiyaga qarshi kurashishga, 4 yil ichida mamlakatda 4 mlnta yangi uy qurishga va “kuchli Eron uchun xalq hukumatini to‘plashga” va'da bergan. U 2017 yilda ham prezident lavozimi uchun kurash olib borgan, biroq Hasan Ruhoniyga yutqazgan edi.

Avvalroq, 3 avgustda “tanfiz” (tasdiqlash) marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Homanaiy Ibrohim Raisiyga prezidentlik mandatini topshirgan va uni prezident lavozimida tasdiqlagan. 

Raisiy 1980-yillarda siyosiy mahkumlarning ta'qib qilinishi va qatl etilishiga aloqadorlikda gumon qilinib, hozirda AQSh sanksiyalari ostida qolmoqda. Raisiy o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib keladi.

Mavzuga oid
Top