21:10 / 06.08.2021
13398

Haydovchiga asossiz yozilgan jarima Kun.uz tanqididan so‘ng bekor qilindi

YHX xodimi elektron sug‘urta polisiga ega haydovchini sug‘urtasi yo‘q deb topib, 245 ming so‘m jarimaga tortgan edi. Noqonuniy jarima qariyb 2 oydan so‘ng, ikkita tanqidiy materialdan keyin bekor qilindi. Bilimsiz xodimga chora ko‘rilgan-ko‘rilmagani ma'lum emas.

Toshkentda, hukumat qaroriga zid ravishda, elektron sug‘urta polisi inobatga olinmay, haydovchiga ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani haqida Kun.uz 26 iyun kuni ma'lum qilgan edi.

Shundan so‘ng sayt muxbiri va asossiz jarimaga tortilgan haydovchi Toshkent shahar IIBB YHXBga taklif qilinib, xodimdan xatolik o‘tgani, ma'muriy bayonnoma tez kunda bekor qilinishi aytilgandi.

Ammo, YHXB mulozimlari so‘zida turmadi va oradan 1 oydan ko‘proq vaqt o‘tsa-da bayonnoma bekor qilinmadi.

Kun.uz va'da yerda qolgani haqida 3 avgust kuni tanqidiy material e'lon qildi. Haydovchining bizga ma'lum qilishicha, maqoladan so‘ng uning telefon raqamiga “Sizda to‘lanmagan jarima yo‘q” degan xabar kelgan.

Eslatib o‘tamiz, qonunchilikka asosan davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari Ye-polis haqiqiyligini tegishli mobil qurilmaga QR-kodni ko‘rsatish yoki Ye-polis noyob raqamini kiritish orqali tekshirishi lozim.

Top