17:57 / 11.08.2021
20020

Yerosti suvlari ham cheksiz emas: Toshkentning sug‘orish tizimidagi isrofgarchiliklar

“Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”. Bu naqlni ko‘p eshitganmiz. Haqiqatan ham juda hayotiy bu gap har kuni, har daqiqada namoyon bo‘ladi. Yaratgan bizga bergan ne'matlar shunchalar ko‘pki, sanab adog‘iga yetish qiyin va biz bu ne'matlarni qadrlashni ko‘pincha unutib qo‘yamiz, isrofga, uvolga yo‘l qo‘yamiz. Kun.uz hayot uchun eng zarur ne'mat – suv mavzusiga yana bir bor murojaat qildi.

Biz qishloq xo‘jaligida suvning isrofi tufayli butun bir dengizdan mahrum bo‘lgan xalqmiz. Afsuski, sobiq ittifoq paytida bebiliska ishlatilgan suv o‘tgan asrning oxirlarida bizga ayanchli qismatni taqdim etdi – Orol dengizining qurishi oqibatida O‘zbekistonning katta qismi cho‘llashishga mahkum bo‘ldi. Bu jarayon hanuz davom etayotgani haqida takror va takror bong uryapmiz, biroq amalda obi hayotni tejash, undan samarali va oqilona foydalanish bobida oqsayapmiz.

Suv sarfi ko‘lami, ayniqsa behuda oqib ketayotgan suv ko‘lami shunchalar kattaki, uni kichik raqamlarda ifodalash imkonsiz. Million, milliardlab kub suv shunchaki oqizib yuboriladi. Saytimiz orqali bu daf'a shahardagi sug‘orish tizimi kamchiliklariga to‘xtalamiz. Bu – biz har kuni ko‘rib, bilib, indamay o‘tib ketayotgan muammo. Negadir bunga deyarli hech kim e'tibor qaratmayapti.

Birgina poytaxt misolida oladigan bo‘lsak, yashil hududlarni sug‘orish uchun ma'nan eskirgan texnologiyalardan foydalanilishi oqibatida bir mavsumda salkam 26 million kub suv ishlatilar ekan. Bu – Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasi taqdim etgan raqamlar. Bu raqamlar qanchalik aniqligini bilmadik, ammo taxminimizcha, suv sarfi bundan-da ko‘proq bo‘lsa kerak. Negaki, aholi ishlatayotgan suv manbalari, o‘zboshimchalik bilan qazib olingan quduqlar bu statistikaga kirmagan.

Shahar bo‘ylab harakatlanar ekansiz, taxminan aprel oyidan boshlab to oktyabrgacha ko‘chalarda suv oqib yotganini ko‘rasiz. Ayrim joylarda suv daryo bo‘lib oqayotgani uning kolossal sarfidan tashqari aholiga noqulaylik tug‘dirishi ham bor gap. Mana shunaqa ko‘lmak va “daryo”larni kechib o‘tishga qiynalayotgan odamlar-u suvni sachratib o‘tayotgan avtomobillar dilingizni xira qiladi.

Yarim soatgina sug‘orish mumkin bo‘lgan joylarda 5-6 soatlab ochib qo‘yiladigan sug‘orish tizimiga javobgar shaxslarning mas'uliyatsizligidan kuyunamiz. Buning tartibi bormi? Bor bo‘lsa u qanday? Biz ko‘rsatuvimizda mana shu savollarga javob olish uchun Obodonlashtirish boshqarmasi mas'ullari va Davlat geologiya qo‘mitasi mutasaddisi bilan suhbatlashdik. Suhbatdan anglashiladiki, yerosti suvlari sarfini optimallashtirishga muhtojmiz. Va buni zudlik bilan amalga oshirish zarur.

Obodonlashtirish boshqarmasi vakili so‘zlariga ko‘ra Toshkent shahrida ko‘kalamzorlashtirish va yashil hududlarni ko‘paytirish uchun 2023 yil oxirigacha 1500 ta quduq qazilishi rejalangan. Bu – juda katta raqam, ammo shuncha quduq kerakmi? Mavjud quduqlarning qanchasi soz? Geologiya qo‘mitasi vakiliga ko‘ra, 1500 quduqqa ehtiyoj bo‘lmasligi mumkin, agar mavjud quduqlarni inventarizatsiyadan o‘tkazib, ular soz holatga keltirilsa, 300-400 quduq kifoya qiladi. Shuningdek, bu ishlar juda katta mablag‘ni talab qiladi, ularning ishlashi uchun elektr energiyasi yetkazib berish ham muammo bo‘lishi ehtimoli bor.

Manba: Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasi

Toshkent shahri ostida 2 ta yerosti suvlari manbasi bor. Chirchiq yerosti suv koni katta zaxiraga ega bo‘lsa, Chirchiq-Keles koni zaxirasi ancha kam. Bugungi kunda bu suv manbalaridan foydalanish orsa ortyaptiki, kamaymayapti. Bu yerosti suvlaridan tejab foydalanish, quduqlarni qaziyotganda ruxsat olish, yerosti suvlaridan foydalanish uchun to‘lovlar, bu jarayonni tartibga solish haqida kim o‘ylab ko‘radi? Ichimlik suvi bormagan hududlarda yashaydigan aholi ham istagan paytida o‘z hovlisida quduq qazib, suv chiqaryapti, ammo bu kabi ishlar nazoratsiz qolib ketayotgani achinarli.

Ko‘rsatuvda bugungi kunning dolzarb muammosi haqida batafsil to‘xtalishga harakat qildik. Dunyo olimlarining hisob-kitob va prognozlariga ko‘ra, yaqin 15 yil ichida sayyoramizni global inqiroz kutmoqda – suv tanqisligi. Va bu muammo insoniyat shu kungacha boshidan kechirgan inqirozlarning eng kattasi bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Farzandlarimiz kelajagi uchun bugun biz mas'uliyatni his qilib, aqlimizni yig‘ishtirib olmas ekanmiz, ertaga kech bo‘ladi.

Muallif – Bobur Akmalov

Tasvirchi – Mahmud Soliyev

Top