23:10 / 14.08.2021
9666

Fuqaroga hal qiluv qarorini 29 kundan so‘ng bergani aytilayotgan sudyaga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi

Foto: Getty Images

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudining sudyasi Sh.M. tomonidan 2021 yilning 12 iyul kuni ko‘rib chiqilgan fuqarolik ishi bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarori oradan 29 kun o‘tgach sud raisiga qilingan shikoyatdan so‘ng taqdim etilgani aytilmoqda. Bu haqda Telegram'dagi “Yuristkadr” kanali xabar berdi.

“G‘alati vaziyat. Fuqaro FIB Yakkasaroy tumanlararo sudiga ishga tiklash haqida da'vo arizasi kiritgan, 2021 yilning 12 iyul kuni sud uning da'vosini rad qilish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan. Ko‘rib chiqdim, bizning nazdimizda sud xodimning da'vosini asossiz rad qilgan, ya'ni da'vo muddatini noto‘g‘ri qo‘llagan.

Mayli, hozir gap boshqa narsa haqida. Fuqaro tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, ishni ko‘rgan sudya Sh.M. 2021 yilning 12 iyul kuni hal qiluv qarori qabul qilgan bo‘lsa-da, o‘z vaqtida qarorning nusxasini fuqaroga bermagan ham, pochta orqali yubormagan ham.

Fuqaro sud qarori qabul qilganidan keyin sudga 10 kundan keyin borgan, qaror berilmagan, 20 kundan keyin borgan, qaror berilmagan, 2021 yil 10 avgust kuni borganida, qaror hali yozilmaganini aytishib, yana qaror nusxasini berishmagan. Shunda fuqaro 2021 yil 11 avgust kuni fuqarolik sudi raisiga yozma ariza kiritganidan keyingina, shu kuni unga hal qiluv qarorining nusxasi berilgan. Ya'ni sud da'vogarga hal qiluv qarorini bir kuni kam 1 oy o‘tib bergan”, – deyiladi “Yuristkadr” kanalida e'lon qilingan postda.

Muallif Fuqarolik protsessual kodeksiga asosan fuqarolik sudining hal qiluv qarori ustidan qaror qabul qilinganidan keyin 1 oy ichida apellyatsiya shikoyati berilishi mumkinligini eslatib, “Yuqoridagi vaziyatda qarorni vaqtida bermagan sud bu bilan fuqaroning apellyatsiya shikoyati berishiga va shu yo‘l bilan o‘zining qarori “sinishi”ga yo‘l qo‘ymaslikni maqsad qilganmi?” degan savolni o‘rtaga tashlaydi.

Fuqarolik protsessual kodeksining 249-moddasida belgilanishicha, sudning hal qiluv qarori ishning sud muhokamasi tugaganidan keyin darhol qabul qilinadi. Alohida hollarda, o‘ta murakkab ishlar yuzasidan asoslantirilgan hal qiluv qarorini tayyorlash ko‘pi bilan besh kunga kechiktirilishi mumkin, ammo hal qiluv qarorining xulosa qismini sud ishning muhokamasi tugallangan majlisning o‘zidayoq e'lon qilishi kerak. Ayni vaqtda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asoslantirilgan hal qiluv qarori bilan qachon tanishib chiqishi mumkinligini e'lon qiladi. Hal qiluv qarorining e'lon qilingan xulosa qismi sudya tomonidan imzolanadi va ishga qo‘shib qo‘yiladi.

Oliy sud Plenumining 2019 yil 24 maydagi 12-sonli «Sudning hal qiluv qarori haqida»gi qarorining 26-bandida hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxasi taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga imzo qo‘ydirib topshiriladi yoki pochta orqali yoxud elektron hujjat tarzida yuborilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.

Amaldagi qonunlarga ko‘ra, sud hal qiluv qarorining nusxasi taraflarga qaror chiqarilgan kundan e'tiboran besh kundan kechiktirmay yuborilishi kerak.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, sudya Sh.M.ga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Xizmat tekshiruvi Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay'ati tomonidan o‘tkazmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha axborot berilishi aytildi.

Mavzuga oid
Top