00:41 / 16.08.2021
83426

Ashraf G‘ani ijtimoiy tarmoq orqali murojaat qildi. U qayerdaligi hamon noma'lum

2014 yildan buyon Afg‘oniston prezidenti bo‘lgan, toliblar mamlakat poytaxtini qamal qilgach, shaharni tinch yo‘l bilan topshirishga qaror qilib, mamlakatni tark etgan Ashraf G‘ani ayni vaqtda qayerdaligi noma'lumligicha qolmoqda.

Foto: REUTERS/Stringer

Dastlab mahalliy nashrlar Ashraf G‘ani xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Muhib va prezident administratsiyasi rahbari Mahmud Fazli hamrohligida Tojikistonga uchgani haqida xabarlar tarqatdi.

Keyinroq New York Times Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani rafiqasi va ikki yaqin vakili bilan O‘zbekistonga kelgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi.  «Interfaks»ning Toshkentdagi manbasi esa G‘ani O‘zbekistonga kelgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Uning aytishicha, G‘anining samolyotini qabul qilish bo‘yicha hech qanday so‘rov kelib tushmagan.

Hukumatni tinch yo‘l bilan topshirishga mas'ul bo‘lgan maxsus kengash tarkibiga kirgan Abdulla Abdullaning aytishicha, G‘ani yakshanba kuni hukumatning katta delegatsiyasi tarkibida Dohaga borishi va hukumatni tinch yo‘l bilan topshirish jarayonida qatnashishi rejalashtirilgandi. «Ashraf G‘ani mamlakati va xalqi qiyin holatda bo‘lgan vaqtda Afg‘onistonni tark etishga qaror qildi. Uning qaroriga men emas, xalq baho bersin. Bu uchun Allohning oldida javob berish kerak bo‘ladi», degan janob Abdulla.

Ashraf G‘ani qayerga ketgani haqida yana bir taxmin bor. Kabul News nashrining yozishicha, Ashraf G‘ani Ummonga uchgan. Shuningdek, nashr G‘ani mamlakatdan o‘zi bilan 5 million yevro naqd pul olib chiqib ketmoqchi bo‘lgani, lekin buning imkoni bo‘lmagani haqida yozdi.

Ashraf G‘ani Afg‘onistonni tark etgach, bayonot berdi. U feysbukdagi sahifasida mamlakatda qon to‘kilishining oldini olish maqsadida mamlakatni tark etgani haqida yozdi. Uning aytishicha, toliblar Kobulga hujum qilmoqchi edi.

«Mehribon Alloh nomi bilan boshlayman! Qadrli vatandoshlar. Men bugun qurollangan toliblar bilan yuzma-yuz qolish yoki 20 yil davomida xavfsizligi uchun jonimni ayamaganim vatanimni tark etishdek og‘ir tanlov qarshisida qoldim. Olti million inson yashaydigan Kobulimiz qon ichida qolmasligi uchun ketish kerak degan qarorga keldim. Ular mengacha yetib kelishdi, ular Kobulga hujum qilishga tayyor edilar.

Toliblar jangni qilich va qurol bilan yengishdi. Endi ular insonlarning hayoti, salomatligi uchun javobgar. Ular hokimiyatini qonuniylashtirishi, fuqarolarning ham qalbini zabt etishi kerak bo‘ladi. Axir hukumat legitimligi qo‘shib topshirilmaydi, unga erishish kerak.

Endi ular (toliblar) oldida ikkita tanlov turibdi: yoki Afg‘onistonning sha'ni va maqsadlarini himoya qilishadi yoki o‘z manfaatlarini ustun ko‘rishadi. Toliblar butun afg‘on millati, ayollarimiz, opa-singillarimiz bilan hisoblashishi kerak bo‘ladi. Aniq reja tuzing va barchasini xalq bilan maslahatlashing. Men doim afg‘on xalqi bilan bo‘laman. Yashasin Afg‘oniston», deb tugatgan murojaatini Ashraf G‘ani.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top