09:46 / 16.08.2021
3535

Zoir Mirzayev mahalliy hokimliklar va davlat tashkilotlari panjara bilan o‘rab olinganini tanqid qildi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev viloyatdagi mahalliy hokimliklar va davlat tashkilotlari o‘z binosini panjara bilan o‘rab olganini tanqid qilgan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida Zoir Mirzayev bir qator dolzarb masalalar haqida so‘z yuritib xalq uchun xizmat qilishi lozim bo‘lgan hokimliklar va davlat tashkilotlari binolarining panjara bilan o‘rab olingani haqida ham gapirgan. Viloyat hokimi holatni tanqid qilib, hokimliklar va davlat tashkilotlari binolari fuqarolar uchun ochiq bo‘lishi lozimligini aytgan.

«Nimaga hokimlik yopiq joy bo‘lishi kerak? Men viloyat hokimligiga chaqirilgan hokimlarni har safar binoning old tarafidan olib kirishni buyuraman, nimaga? Hokimlar shu tomondan kirsa, panjara yo‘qligini ko‘radi. Men hokimlik binosiga kirayotgan yo‘lda panjara yo‘q. Buni aqli yetgan tushunadi», – degan Zoir Mirzayev.

Shuningdek, hokim viloyatdagi tashkilotlar ham o‘z binosini panjara bilan o‘rab olganini, xalq tashkilotga kirishi uchun bir nechta to‘siqlarni bosib o‘tishga majbur bo‘layotganini aytib tanqid qilgan.

«Kichkinagina tashkilotlar panjara, panjaradan so‘ng yana bir balo qo‘yib, odamlarning yo‘lini to‘sib qo‘ygan. O‘zi hech bir ish qilmaydi, qo‘riqlanadigan hech narsa yo‘q, lekin panjara bilan to‘silgan. Men shunday paytda tashkilot rahbarlaridan panjara bilan kimdan nimani qo‘riqlayotganini so‘rayman. Xo‘sh, tashkilotini xalqdan qo‘riqlayaptimi?» – degan viloyat rahbari.

Top