19:04 / 18.08.2021
186764

Ashraf G‘ani BAAdan boshpana topgani ma'lum bo‘ldi

Foto: Reuters

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani oilasi bilan Birlashgan Arab Amirliklariga kelgan. Bu haqda BAA tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

«BAA tashqi ishlar vazirligi BAA gumanitar nuqtayi nazardan prezident Ashraf G‘ani va uning oilasini qabul qilganini tasdiqlaydi», deyiladi vazirlik bayonotida.

Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligining sobiq maslahatchisi Faxriddin Garizoda Ashraf G‘ani Abu-Dabidagi shifoxonalardan biriga yotqizilganini aytdi.

«Abu-Dabida bo‘lib turgan Afg‘oniston sobiq prezidentining sog‘ligi yomonlashgani to‘g‘risida xabarlar paydr bo‘ldi. Qator diplomatik manbalarning so‘zlariga ko‘ra, G‘ani bir necha soat oldin shifoxonalardan biriga yotqizilgan», dedi Garizoda.

15 avgust kuni toliblar Kobulni qurshab olgach, 2014 yildan buyon mamlakatga rahbarlik qilib kelgan prezident Ashraf G‘ani samolyot orqali Afg‘onistonni tark etgandi.

New York Times nashri Dohadagi muzokaralarda ishtirok etayotgan afg‘on delegatsiyasi vakillaridan biriga asoslangan holda G‘ani turmush o‘rtog‘i hamda ikki maslahatchisi bilan birga O‘zbekistonga uchganini aytgandi. Keyinroq prezidentning shaxsiy tansoqchisi Al-Jazeera telekanaliga G‘ani Toshkentga uchganini tasdiqladi.

Ammo O‘zbekiston ham, Markaziy Osiyoning yana ikki davlati Tojikiston va Qozog‘iston ham G‘ani ushbu mamlakatlardan biriga kelgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

OAVda u Ummon sultonligida bo‘lishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgandi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top