13:26 / 20.08.2021
10126

Abdulla Aripov Qirg‘izistonga tashrif buyurdi

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi hukumatlararo kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahriga tashrif buyurdi.

Bosh vazir matbuot xizmati xabariga ko‘ra, dastlab delegatsiyalar rahbarlari Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qabulida bo‘ldi.
 
Uchrashuvda YeOII doirasida asosiy e'tiborni savdo-iqtisodiy, transport-logistika, turizm sohalarini rivojlantirishga qaratish lozimligi, Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda mazkur formatdagi muloqot muhim ahamiyatga egaligi ta'kidlandi.
 
Shundan so‘ng, hukumatlar delegatsiyalari rahbarlarining kengaytirilgan tarkibda muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
 
O‘zbekiston tomoni kuzatuvchi davlat maqomi O‘zbekistonga Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi (YeOII) integratsiya jarayonlarini xolislik bilan va har tomonlama o‘rganish, yanada yaqin hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochish imkonini beradi.
 
Ta'kidlandiki, bugungi kunda O‘zbekistonda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a'zo mamlakatlar bilan iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
 
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.
 
Markaziy Osiyo mintaqasida transport imkoniyatlaridan keng foydalanish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur sohani raqamlashtirish mamlakatlar salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top